Turkmanistonda “O‘zbekiston madaniyati kunlari” bo‘lib o‘tdi
2024-11-21 16:00:00 / Yangiliklar
O‘zbek va turkman xalqlari azal-azaldan yaqin do‘st, ahil qo‘shni, strategik hamkor sifatida mushtarak maqsadlar bilan yashab kelmoqda.
Shu sababli, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning ildizi uzoq tarixga borib taqaladi va o‘zaro hurmat, ishonch asosiga qurilgan.
Bugun O‘zbekistonning yaqin strategik hamkorlaridan biri – Turkmaniston bilan amalga oshirilayotgan va tobora yangi bosqichga ko‘tarilayotgan o‘zaro do‘stlik aloqalari haqida so‘z yuritish muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, ikki do‘st davlatlar o‘rtasidagi ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalardagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish, hamkorlikning yangi yo‘nalishlari va istiqbollarini belgilagan holda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish borasida tarixiy ishlar amalga oshirildi.
So‘nggi yillar ichida respublikalar o‘rtasida madaniy aloqalar sezilarli darajada kengaydi.
Ikki davlat o‘rtasidagi madaniy hamkorlik aloqalarini yanada mustahkam maqsadida, joriy yilning 18-21-noyabr kunlari Turkmaniston Respublikasida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” bo‘lib o‘tdi.
18-noyabr kuni Ashxobodning Maqom markazi saroyida "O‘zbekiston madaniyati kunlari"ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Turkmaniston Respublikasida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbirlariga O‘zbekiston madaniyat vazirning birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov boshchilik qildi.
Ma’lumot o‘rnida, 18-21-noyabr kunlari Turkmanistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida:
"Turkmanistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari"ning ochilish marosimi hamda o‘zbek san’at ustalari ishtirokidagi gala-konsert;
Ashxobodda O‘zbekiston madaniyati kunlari tadbirlari doirasida amaliy san’at ko‘rgazmasi;
O‘zbekiston va Turkmaniston yozuvchi va shoirlarining “Maxtumquli Firog‘iy va uning jahon adabiyoti rivojiga qo‘shgan hissasi” mavzusida ijodiy uchrashuv;
Ashxoboddagi “Toshkent” bog‘ida konsert dasturi, milliy liboslar namoyishi, amaliy san’at ko‘rgazmasi madaniy tadbirlari;
Turkmaniston hamda O‘zbekiston san’at ustalari ishtirokidagi gala-konsert tadbirlari o‘tkazildi.
Ma’lumot o‘rnida, Turkmanistondagi “O‘zbekiston madaniyati kunlari”da 100 nafarga yaqin o‘zbekistonlik san’at va madaniyat xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirda yuqori martabali rasmiy vazirlik va idora vakillari , Turkmaniston va O‘zbekistonning madaniy va ishbilarmonlik doiralari vakillari, diplomatlar va san’at namoyondalari ishtirok etdi.