O‘zbek milliy cholg‘ular ko‘rgazmasi xalqaro forum doirasida taqdim etildi
2024-10-24 19:00:00 / Yangiliklar
Bugun, 24-oktyabr kuni poytaxtdagi Yoshlar ijod saroyida “Xalqaro madaniy meros haftaligi” doirasida “Yangi O‘zbekistonda madaniyat va san’at sohasidagi islohotlar” mavzusida xalqaro forum doirasida O‘zbek milliy maqom san’ati markazi tomonidan tashkil etilgan O‘zbek milliy cholg‘ulari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ko‘rgazma milliy musiqa asboblarini keng jamoatchilikka tanishtirish, ularni saqlash va asrab-avaylash borasida olib borilayotgan ishlarni namoyish etish, shuningdek, xalqaro miqyosda o‘zbek musiqasi va maqom san’atining o‘rni va ahamiyatini ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Ko‘rgazmada o‘z asarlari bilan ishtirok etgan hunarmandlar: Ashimov Dilmurod, Zokirov Rahmatilla, Azamatov Pirmuhammad, Matmusayev Kamoliddin, Islomov Azamat, Imomov Habibulla kabi mahoratli usta sozandalar o‘z qo‘llari bilan yasalgan milliy cholg‘ularni namoyish etdilar. Ularning har biri O‘zbekistonning boy musiqa an’analarini saqlab qolish va kelajak avlodga yetkazish borasidagi fidoyi mehnati bilan e’tiborga sazovor.
Ko‘rgazma O‘zbek milliy maqom san’ati markazi Bosh direktori Avazabek Shomurodov boshchiligida markazning Tarixiy ekspozitsiya bo‘limi maqom muzeyi fondidan foydalanilgan holda tashkil etildi. Unda qadimiy va zamonaviy milliy cholg‘ularning noyob namunalari o‘z o‘rnini topdi.
Ko'rgazmada Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Turkiy Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti Aktoti Raimkulova, shuningdek, Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli yozuvchi va publist O‘g‘uz Yunus Isahon o‘g‘li, TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi raisi, qozoq shoiri, jurnalist va muharriri, Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan xodim Esdaulet Uluqbek, Qirg‘iziston xalqining “Muras” tarixiy-madaniy merosi jamg‘armasi raisi, taniqli tarixchi, publisist va jurnalist Moldokasimov Qiyos, Qozon davlat madaniyat instituti rektori Axmadiyeva Roza Shayxaydarovna, Ege universiteti Adabiyot fakulteti Turk tili va adabiyoti kafedrasi mudiri Fedekar Selami ishtirok etishdi.
So'ng forum doirasida tashkil etilgan “Cho‘lpon” spektakli namoyishiga yo'l olishdi.
