Istiqboldagi vazifalar belgilab olindi
2026-10-21 11:30:00 / Yangiliklar

“Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” hisoblangan Andijon shahrida davom etayotgan Turkiy dunyo muzeylari uchrashuvi doirasida TURKSOY Muzeylar uyushmasining V davriy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
TURKSOY, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi va Andijon viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Turkmaniston muzeylari rahbarlari, tegishli davlat idoralari mas’ullari ishtirok etdi.
Tadbirda o‘tgan bir yil davomida amalga oshirilgan loyihalar atroflicha tahlil qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar xususida so‘z yuritildi.
Uyushmaga a’zo davlatlardagi koordinatorlar sohani rivojlantirish, muzeylar fondini boyitish, o‘zaro tajriba almashishni kengaytirish, keng jamoatchilikni yangi eksponatlar bilan faol tanishtirish va mavjud dolzarb masalalar yechimi yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar.
Mazkur muloqot turkiy xalqlarning mushtarak madaniy merosini asrab-avaylash, muzeylar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
An’anaga ko‘ra, har yili “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti”da ushbu tadbirlar tashkil etiladi va o‘sha mamlakatdagi koordinator davriy rais hisoblanadi. Bu yil O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismailova raislikni bajarmoqda. 2027 yilda Turkiyaning Qaysari shahri “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” maqomini olgan va tadbirlar ham Qaysarida davom etadi. Shu bois ramziy estafeta Turkiya vakillariga topshirildi.
Mehmonlar Andijonning diqqatga sazovor joylari bilan ham tanishdilar.
TURKSOY Muzeylar uyushmasi 2022 yil 28 may kuni Bursa shahrida turkiy dunyo muzeylari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda tuzilgan.









