Trabzonda Turkiy dunyo yoshlarining III uchrashuvi bo'lib o'tdi
2026-10-21 11:30:00 / Yangiliklar

Turkiyaning Trabzon shahrida TURKSOY va mahalliy hokimlik hamkorligida Turkiy dunyo yoshlarining III uchrashuvi tashkil etildi. Unda 21 mamlakatdan 140 nafar yosh ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida faoliyat yuritayotgan yosh kadrlar, soha vakillari hamda Yoshlar ishlari agentligi tavsiyasi bilan saralangan yoshlardan iborat delegatsiya ham qatnashdi.
Tadbir doirasida Turkiy dunyoning umumiy madaniy merosini asrab-avaylash, yoshlar hamkorligini mustahkamlash, madaniy diplomatiya, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalanish masalalari muhokama qilindi. “Ochiq minbar” sessiyasida ishtirokchilar o‘z g‘oya va loyihalarini taqdim etib, fikr almashdilar.
Shuningdek, Turkiya milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Shenol Gunesh yoshlar bilan uchrashib, sport sohasidagi ko‘p yillik tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Dastur davomida delegatsiya a’zolari Trabzon shahrining tarixiy obidalari va diqqatga sazovor maskanlari bilan ham tanishdilar.









