Vazir Ozodbek Nazarbekov Samarqanddagi teatr ijodkorlari bilan uchrashdi
2026-10-20 21:35:00 / Yangiliklar

Bugun, 20-oktabr kuni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Samarqand viloyatidagi xizmat safari davomida viloyat Musiqali drama teatrida bo‘lib, hududdagi barcha davlat teatrlar aktyorlari, rejissyorlari va ijodiy xodimlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Muloqot davomida mamlakatimizda teatr san’atini rivojlantirish, sahna asarlarining g‘oyaviy-badiiy saviyasini yuksaltirish, ijodkorlar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish hamda teatrlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda teatr vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollar, ijodiy rejalari, faoliyat davomida duch kelayotgan muammolar va takliflarini bildirdilar. Madaniyat vaziri murojaatlarni diqqat bilan tinglab, ko‘tarilgan masalalarni hal etish yuzasidan mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berdi.
Samimiy va ochiq ruhda kechgan uchrashuv teatr sohasi vakillari bilan bevosita muloqot qilish, ularning takliflarini o‘rganish hamda mavjud muammolar yechimiga qaratilgan amaliy choralarni belgilashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Bunday uchrashuvlar milliy teatr san’atini yanada rivojlantirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va yurtimiz madaniy hayotini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.









