IV TURKSOY Xalqaro teatr festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
2026-10-19 21:35:00 / Yangiliklar
“Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” doirasidagi muhim tadbirlardan biri – bu IV TURKSOY Xalqaro teatr festivalidir. Turkiy xalqlarning boy madaniyati, teatr san’atidagi tajribasi va ijodiy salohiyatini namoyon etuvchi, shuningdek, tarixiy, madaniy va ma’naviy rishtalarni, do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarini mustahkamlovchi mazkur o‘ziga xos san’at bayramida O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistondan 7 ta teatr jamoasi, jami 200 nafarga yaqin san’atkor ishtirok etmoqda. Ular namoyish qiladigan spektakllarni xolis, shaffof va adolatli baholab borish uchun esa TURKSOYga a’zo davlatlardan 6 nafar hakam taklif etilgan.
Ushbu festival ijodkorlar uchun qulay muloqot maydoni vazifasini ham o‘tab beradi. Har bir ishtirokchi mamlakat o‘z milliy dramaturgiyasi va sahna san’ati yutuqlarini xalqaro darajada keng targ‘ib qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Andijonliklar va Andijonga tashrif buyuradigan mehmonlar esa turli mamlakatlar teatrlarining rang-barang spektakllarini tomosha qilib, qardosh xalqlar madaniyati va san’ati bilan yaqindan tanishadilar. Umuman, festivalning ahamiyati juda yuqori. Bugun Andijon viloyati musiqali drama teatri old maydonida festivalning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab xalqaro festival hakamlari va IV TURKSOY Xalqaro teatr festivali ishtirokchilari davraga chaqirildi. Ular olqishlar sadosi ostida qizil yo‘lakdan yurib o‘tdilar. Bular — Ozarbayjon pantomima teatri, Qozog‘iston Yoshlar teatri, Sultan Ibarimov nomidagi O‘sh milliy drama teatri va Toktogul Azibayev nomidagi Oloy musiqali drama teatri, Buyuk Saparmurod Turkmanboshi nomidagi Turkmaniston bosh akademik drama teatri, O‘zbekiston davlat drama teatri hamda Andijon viloyati musiqali drama teatri jamoalaridir.
Unda so‘z olgan Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Rustamjon Egamberdiyev “Andijon – Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan festival va ilmiy anjumanlar, badiiy kecha va ijodiy uchrashuvlar madaniy hayotimizda chuqur iz qoldiradigan, do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlaydigan unutilmas voqea ekanini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev teatr – bu insonni anglash, uning qalbiga quloq tutish, hayot va jamiyat haqida mushohada yuritish vositasiga ekaniga urg‘u berdi.
“Sahnada turli xalqlar tarixi, orzulari, quvonch va tashvishlari o‘z ifodasini topadi. Qahramonlar tili, hayot tarzi turlicha bo‘lishi mumkin, ammo mehr va sadoqat, adolatga intilish, inson qadrini ulug‘lash kabi tuyg‘ular barcha xalqlar uchun birdek qadrlidir.
Teatrning kuchi ham shunda: u bizga insonlarni his qilishni, o‘zgalar nuqtayi nazarni anglashni va insonni qadrlashni o‘rgatadi. Teatr san’ati xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va ishonchni mustahkamlaydigan, ma’naviy rishtalarni bog‘lovchi muhim san’at turi sanaladi.
Shu ma’noda, TURKSOY doirasida tashkil etilgan mazkur festival turkiy xalqlar teatr san’atining eng yaxshi an’ana va zamonaviy izlanishlarini namoyon etish, ijodkorlar o‘rtasida tajriba almashish hamda yangi hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish uchun asosiy maydon bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekistonda Prezidentimiz tomonidan madaniyat va san’atni rivojlantirish, milliy teatr maktabimizning boy an’analarini asrab-avaylash va davom ettirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro madaniy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Milliy teatr san’atimizning boy tajribasini jahonga tanitish, xorijiy mamlakatlarning ilg‘or ijodiy tajribasini o‘rganish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish ustuvor vazifalarimizdan biridir.
Ishonchim komilki, festival doirasida namoyish etiladigan spektakllar, ijodiy uchrashuvlar va kasbiy muloqotlar ishtirokchilar uchun yangi taassurotlar bag‘ishlab, turkiy xalqlar teatr san’atining badiiy salohiyatini yanada kengroq namoyon etadi”, dedi Nodirbek Sayfullayev.
Shundan so‘ng so‘zga chiqqan Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev: “Qardosh o‘zbek xalqi har bir to‘yga to‘yona bilan kelishga odatlangan. Ushbu ezgu an’anaga sodiq qolgan holda, butunlay yangi qiyofa kasb etgan, eng zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan Andijon viloyati musiqali drama teatrining Festival munosabati bilan bizlarga o‘z eshiklarini ochganida katta ramziy ma’no bor. Bu, O‘zbekistonda hurmatli Prezident Shavkat Miromonovich tomonidan madaniyat va san’at sohasiga, xususan, teatr san’atini rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yorqin tasdig‘idir. Mazkur go‘zal va betakror maskan, Behbudiy bobomiz ta’rifi bilan aytganda, Ibratxona, barcha andijonliklarga muborak bo‘lsin!
Andijonga, san’atni jon dilidan sevadigan andijonliklarga shunday maskanlar yarashadi!
Chindan ham, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda Shavkat Miromonovich tashabbusi bilan madaniyat va san’at tizimini zamon talablari asosida rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada sohaning moddiy-texnik bazasi, kadrlar salohiyati mustahkamlanib, xodimlarning ijodiy mehnati munosib rag‘batlantirilmoqda.
E’tiborli tomoni, Shavkat Miromonovich, madaniyat va san’at sohasi vakillari bilan muntazam uchrashib turadi. Ular faoliyatiga doimo e’tibor bilan qaraydi. Joriy yil 1 iyun kuni ana shunday uchrashuv o‘tkazilib, qator muhim tashabbuslar ilgari surildi. Oradan bir kun o‘tib, O‘zbekiston Prezidentining sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan Farmoni qabul qilindi. Shu asosda san’atning 21 ta yo‘nalish bo‘yicha ijodiy birlashmalar tashkil etildi. Bugungi kunda ular faoliyatini rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda.
Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Bevosita festival haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, TURKSOY Xalqaro teatr festivalining bosh maqsadi – turkiy xalqlar o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik rishtalarini teatr san’ati vositasida yanada mustahkamlash, boy madaniy meros hamda umumiy qadriyatlarni jahon sahnasida keng targ‘ib qilishdan iboratdir.
Ushbu anjuman qardosh mamlakatlarning yetakchi teatr jamoalari, rejissyor va aktyorlari uchun tajriba almashish, sahna san’atidagi ilg‘or tendensiyalarni muhokama qilish hamda hamkorlikda yangi ijodiy loyihalarni amalga oshirish uchun qulay muloqot maydonini yaratadi.
Bu gal bejiz Festival doirasida O‘zbekiston teatrlari rejissyorlari uchrashuvini ham tashkil qilinayotganimiz yo‘q. Bu muloqot barcha ishtirokchilarga birdek manfaat keltiradi, degan umiddaman”.
Rasmiy qismdan so‘ng barcha ishtirokchilar Andijon viloyati musiqali drama teatriga, “Bobur, sog‘inch” spektaklini tomosha qilishga taklif qilindi. Ushbu sahna asari tomoshabinlar tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.
