Madaniyat vazirligida ijodiy birlashmalar faoliyati va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi
2026-10-13 20:55:00 / Yangiliklar
Bugun, 13-oktabr kuni Madaniyat vazirligida ijodiy birlashmalar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar sarhisob qilinib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi. Yig‘ilishda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimi Elyorjon Jalilov, madaniyat vaziri o‘rinbosari Sanjar Bobojonov, vazirlik markaziy apparati va ijodiy birlashmalar vakillari hamda hududiy madaniyat boshqarmalari rahbarlari onlayn formatda ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda ijodiy birlashmalar hamrahbarlariga madaniy tadbirlarni tashkil etishda homiylik ko‘magi uchun vazir Ozodbek Nazarbekov tomonidan minnatdorlik bildirildi. Muhokamalar davomida yosh iste’dodlarni izlab topish, ularni qo‘llab-quvvatlash va ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
“Muhtaram Prezidentimiz tomonidan bizga aniq belgilab berilgan vazifa — yosh iste’dodlarni izlab topish borasida bugun nimalar qilyapmiz?” — degan savolni o‘rtaga tashladi vazir Ozodbek Nazarbekov.
Shundan so‘ng 21 ta ijodiy birlashma vakillarining axborotlari tinglanib, ularning kelgusidagi rejalari, takliflari va yosh iste’dodlarni kashf etishga qaratilgan tashabbuslari muhokama qilindi. So‘ng, hududiy madaniyat boshqarmalari rahbarlariga ijodiy birlashmalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan aniq yo‘l xaritalarini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, respublika tanlovlarining mahalla, tuman (shahar) va viloyat bosqichlarini tashkil etish hamda o‘tkazishda targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, hududiy ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan keng foydalanish vazifalari belgilandi.
Yig‘ilish yakunida ijodiy birlashmalar faoliyati samaradorligini oshirish, yosh iste’dodlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, hududlar bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda belgilangan vazifalar ijrosini tizimli nazorat qilish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, Ijodiy birlashmalar tomonidan bildirilgan muammolarni umumlashtirib, tegishli rahbariyatga taqdim etish va ularning yechimi bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish belgilab olindi.
