Samarqand viloyatidagi teatrlarga yangi direktorlar tayinlandi
2026-10-13 13:35:00 / Yangiliklar

Madaniyat vazirining tegishli buyruqlariga muvofiq, Axmatullo Niyazov Kattaqo‘rg‘on drama teatri direktori, Ismoil Xusainov esa Samarqand viloyati musiqali drama teatri direktori lavozimiga tayinlandi.
Yangi rahbarlarni teatr jamoalariga tanishtirish maqsadida Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev hamda vazirlikning Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘limi boshlig‘i Komiljon Rahimov mazkur teatrlarda bo‘lib, jamoalar bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar.
Uchrashuvlar davomida teatrlar faoliyatini yanada rivojlantirish, ijodiy muhitni yaxshilash, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr va takliflar muhokama qilindi.
Kattaqo‘rg‘on drama teatrida o‘tkazilgan uchrashuv davomida Nodirbek Sayfullayev O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Mamedova, “Do‘stlik” ordeni sohiblari O‘tkir Ochilov hamda Dilorom Egamova bilan ham suhbatlashdi. Muloqot chog‘ida teatr faoliyati, ijodiy muhit va jamoa oldida turgan dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, xizmat safari davomida Kattaqo‘rg‘on drama teatri jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan “Advokatlik osonmu” spektakli tomosha qilindi. Spektakl teatr jamoasining ijodiy salohiyati va aktyorlarning ijro mahorati bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Ma’lumot uchun, Axmatullo Niyazov tayinlovga qadar Samarqand viloyati rus drama teatri bosh rejissyori, Ismoil Xusainov esa Samarqand shahar 3-son bolalar musiqa va san’at maktabi direktori lavozimida faoliyat yuritgan.









