O‘zbek tili bayrami arafasida uchta muhim kitob taqdimoti o‘tkazildi
2026-10-12 17:25:00 / Yangiliklar

Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida 21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlangan to‘rt jildlik “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”, “Zarif so‘z ziyorati” hamda “O‘zbek tili omonimlari lug‘ati” kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ma’rifiy tadbir Madaniyat vazirligi, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi hamda O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamkorligida tashkil etildi. Tadbirda madaniyat va san’at sohasi vakillari, tilshunos va adabiyotshunos olimlar, tadqiqotchilar, ijodkorlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori Azizjon Eminov o‘z nutqida davlat tilini ilmiy jihatdan o‘rganish, yangi lug‘at va qomusiy nashrlarni yaratish, milliy adabiy merosni keng targ‘ib qilish borasidagi tashabbuslarning ahamiyatiga e’tibor qaratdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga “Til — millat ko‘zgusi, uni asraylik” nomli videorolik namoyish etildi. Kitoblar taqdimotining ilmiy-ma’rifiy qismida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori, professor Zulxumor Xolmanova “O‘zbek tili omonimlari lug‘ati”ning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyati haqida ma’lumot berdi. Lug‘atning o‘zbek tili leksik boyligini o‘rganish, so‘zlarning ma’no xususiyatlarini farqlash va ulardan nutqda to‘g‘ri foydalanishdagi ahamiyati qayd etildi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori Zohida Muqimova esa to‘rt jildlik “Alisher Navoiy ensiklopediyasi” va “Zarif so‘z ziyorati” kitoblari haqida so‘z yuritdi. Ushbu nashrlarning milliy adabiyotimiz merosini o‘rganish, o‘zbek tilining boyliklarini keng jamoatchilikka yetkazish va yosh avlodning ma’naviy dunyoqarashini boyitishdagi o‘rni alohida ta’kidlandi.
Tadbir doirasida “O‘zbekcha so‘ylaganim rost” nomli videorolik ham namoyish etildi. Ta’kidlash joizki, bu kabi kitob taqdimotlari nafaqat yangi ilmiy va ma’rifiy nashrlarni keng jamoatchilikka tanishtirish, balki ona tilimizning boy imkoniyatlarini namoyon etish, milliy adabiy merosimizni asrab-avaylash va uni kelgusi avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi.
Kunning ikkinchi qismida 21-oktabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kuniga bag‘ishlangan 4 jildlik “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”, “So‘z sandiqchasi” va “O‘zbek tili omonimlari lug‘ati” kitoblarining taqdimoti doirasida “Til — millat ko‘rki” deb nomlangan, ona tilimizning jozibasi, milliy qadriyatlarimiz va ma’naviy merosimizni tarannum etuvchi ma’naviy-ma’rifiy konsert dasturi konsert dasturi o‘tkazildi. Dastur davomida "Munojot", "Istadim", "Qoshiyosinmi deyin", "Naylayin", “Mubtalo bo‘ldim sanga”, "Gulsochar" kabi milliy musiqa san’atimizning nodir namunalari professor-o‘qituvchilar hamda ijodkor talaba-yoshlar tomonidan ijro etildi.









