Yoshlarga shaxsiy rivojlanish va axborot siyosatiga oid mahorat darsi o‘tkazildi
2026-10-11 19:40:00 / Yangiliklar

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida talabalarning shaxsiy rivojlanishi, notiqlik mahoratini oshirish hamda davlat tashkilotlarida axborot siyosatini yuritish masalalariga bag‘ishlangan mahorat darsi tashkil etildi. Unda Madaniyat vazirligi matbuot xizmati rahbari — vazirning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sirojiddin O‘sarov talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot olib bordi. Uchrashuv davomida fikrni qisqa, aniq va ta’sirchan ifodalash, omma oldida erkin so‘zlash, auditoriya bilan samarali muloqot o‘rnatish hamda axborot siyosatini to‘g‘ri tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bugungi kunda axborot oqimi shiddat bilan yangilanib, ma’lumotlar tezkorlik bilan tarqalayotgan bir davrda axborot bilan ishlash, uni tahlil qilish va samarali boshqarish ko‘nikmasi nafaqat media sohasi vakillari, balki barcha soha mutaxassislari uchun ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, zamon talabi har bir mutaxassisdan axborotni to‘g‘ri saralash, ishonchli ma’lumotlarni ajrata bilish, o‘z fikrini aniq yetkazish va jamoatchilik bilan samarali muloqot olib borish salohiyatiga ega bo‘lishni taqozo etadi.
Shu ma’noda, mahorat darsi talabalarga zamonaviy axborot makonida to‘g‘ri yo‘nalish olish, kommunikativ qobiliyatlarini rivojlantirish hamda kelajakdagi kasbiy faoliyatlarida zarur bo‘ladigan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish nuqtayi nazaridan muhim bo‘ldi. Mazkur uchrashuv mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborning amaliy ifodasidir. Yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, tashabbuskorligini rag‘batlantirish va ularni zamon talablariga mos mutaxassislar etib tarbiyalash davlat yoshlar siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Muloqot davomida talabalarning faol ishtiroki, mazmunli savollari va sohaga bo‘lgan qiziqishi uchrashuvning samarali o‘tishiga zamin yaratdi. Ochiq va samimiy ruhda kechgan suhbat yoshlar uchun o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutaxassis fikrini tinglash, tajriba almashish hamda kelajakdagi faoliyatlari uchun zarur xulosalar chiqarish imkonini berdi. Bunday mahorat darslari yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, mustaqil fikrlashini rivojlantirish, axborot bilan ishlash madaniyatini yuksaltirish va jamiyat hayotida faol ishtirok etadigan, zamonaviy bilim hamda ko‘nikmalarga ega avlodni kamol toptirishga xizmat qiladi.







