Labi Hovuzda “Buxoro doira sadolari” festivali bo‘lib o‘tdi
2026-10-11 09:30:00 / Yangiliklar
10-oktabr kuni Buxoro shahridagi Labi Hovuz majmuasida joylashgan Ko‘kaldosh madrasasida Butunjahon nomoddiy madaniy meros kuniga bag‘ishlangan “Buxoro doira sadolari” festivali yuqori saviyada tashkil etildi.
Milliy musiqa san’ati va doira ijrochiligi an’analarini keng targ‘ib etishga qaratilgan festival xalqimizning boy madaniy merosini asrab-avaylash, milliy ijrochilik maktabi an’analarini rivojlantirish hamda yosh avlodni milliy san’atga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Tadbir Buxoro viloyati hokimligi, UNESCOning nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish yo‘nalishi, “Umrboqiy meros” O‘zbekiston madaniyati va san’ati markazi, Buxoro viloyati Madaniyat boshqarmasi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Buxoro viloyati bo‘linmasi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Buxoro viloyati bo‘limi hamkorligida tashkil etildi.
Festival doirasida doira ijrochiligining o‘ziga xos jozibasi, milliy kuy-qo‘shiqlarimizning betakror ohangi va ijrochilarning mahorati namoyon bo‘ldi. Ushbu madaniy tadbir milliy musiqa san’atining avloddan avlodga o‘tib kelayotgan an’analarini keng targ‘ib etish hamda ijodkorlar o‘rtasida tajriba almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.
Festivalda faol ishtirok etgan doira ustalari va ijodiy jamoalar Buxoro viloyati hokimligi hamda hamkor tashkilotlarning tashakkurnomalari va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Buxoro doira sadolari” festivali milliy ijrochilik san’atini rivojlantirish, nomoddiy madaniy merosimizni asrab-avaylash va xalqimizning boy musiqiy an’analarini keng targ‘ib etish yo‘lidagi muhim madaniy tadbirlardan biri bo‘ldi.
