Moskvada “Yangi O‘zbekiston shu’lasi” tantanali konserti bo‘lib o‘tdi
2026-10-06 09:35:00 / Yangiliklar
5-oktabr kuni Moskva shahridagi Davlat Kreml saroyida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston shu’lasi” tantanali konserti bo‘lib o‘tdi. Mazkur konsert Rossiyada 4–5-oktabr kunlari o‘tkazilgan “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasidagi asosiy madaniy tadbirlardan biri bo‘ldi.
Tantanali konsert dasturida O‘zbekistonning boy musiqiy merosi, milliy an’analari va zamonaviy san’atining eng sara namunalari namoyish etildi. Tomoshabinlarga milliy musiqa, maqom san’ati, opera, estrada va xoreografiya yo‘nalishlaridagi chiqishlar taqdim qilindi. Konsert dasturida O‘zbekiston milliy simfonik orkestri, Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli, Mukarrama To‘rg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli, O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti talabalari hamda taniqli san’atkorlar ishtirok etdi. Jumladan, O‘zbekiston xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Zulayxo Boyxonova, G‘ulomjon Yoqubov, Mansur Toshmatov, Jenisbek Piyazov, Ilyos Arabov, estrada xonandasi Imron va boshqa san’atkorlar o‘z ijod namunalarini taqdim etdilar. Konsertda o‘zbek xalq qo‘shiqlari va milliy musiqa namunalari bilan bir qatorda, rus musiqiy merosiga mansub mashhur asarlar ham ijro etilib, ikki xalqning boy madaniy an’analari o‘zaro uyg‘unlashtirildi.
Tadbir O‘zbekistonning boy madaniy merosi, milliy san’ati va zamonaviy ijodiy salohiyatini Rossiya jamoatchiligiga keng namoyish etish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida, shuningdek, O‘zbekiston madaniyat va san’atiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma tashkil etildi.
Eslatib o‘tamiz, madaniyat kunlari doirasida vazir Ozodbek Nazarbekov Rossiyada ta’lim olayotgan va mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Rossiya Federatsiyasi madaniyat vaziri Olga Lyubimova o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat o‘rtasida madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, qo‘shma loyihalarni kengaytirish hamda ijodiy jamoalar almashinuvini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning madaniyat bo‘yicha quyi qo‘mitasining oltinchi majlisi o‘tkazildi. Rossiya Federatsiyasida “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ni o‘tkazish ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur tadbirlar 2021-yildan buyon muntazam tashkil etib kelinmoqda. 2026-yilgi madaniyat kunlari Rossiyada uchinchi bor o‘tkazildi. O‘zaro madaniyat kunlarini tashkil etish an’anasi doirasida 2025-yil 28–31-may kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida “Rossiya madaniyati kunlari” ham o‘tkazilgan edi.
Navbatdagi “O‘zbekiston madaniyati kunlari” va uning doirasida tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston shu’lasi” tantanali konserti O‘zbekiston va Rossiya xalqlarini mushtarak madaniy qadriyatlar, san’at va ijod orqali yanada yaqinlashtirishga xizmat qildi.
