O‘zbekiston va Rossiya madaniyat sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda
2026-10-05 19:45:00 / Yangiliklar
Rossiyada o‘tkazilayotgan "O‘zbekiston madaniyati kunlari" doirasida, bugun, 5-oktabr kuni Moskva shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning Madaniyat masalalari bo‘yicha kichik qo‘mitasining oltinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Rossiya Federatsiyasi madaniyat vaziri Olga Lyubimova boshchiligidagi delegatsiyalar hamda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Botirjon Asadov ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida ikki mamlakat madaniyat vazirlari O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladilar. Tomonlar madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish va yangi yo‘nalishlarni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Tadbir doirasida O‘zbekiston xoreografiya akademiyasi rektori Shuxrat Toxtasimov, O‘zbekiston raqs san’ati ijodiy birlashmasi ijodiy rahbari Charos Djurabayeva va Moskva xoreografiya akademiyasi rektori Svetlana Zaxarova bilan memorandum imzolandi. Hujjat ikki akademiya va ijodiy birlashma o‘rtasida ta’lim, ijodiy loyihalar, tajriba almashinuvi, mutaxassislar hamda talabalar bilan hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Yig‘ilish davomida ijrochilik san’ati, ijodiy ta’lim va kinematografiya sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, "Madaniyat kunlari"ni muntazam o‘tkazish, yosh ijodkorlar va ijodiy jamoalar ishtirokini kengaytirish yuzasidan kelishildi.
Ijodiy ta’lim yo‘nalishida oliy va professional ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar, talabalar va mutaxassislar almashinuvini kengaytirish, qo‘shma mahorat darslari, seminarlar va ijodiy loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Kinematografiya sohasida O‘zbekiston va Rossiyada o‘zaro "Kino kunlari"ni tashkil etish, qo‘shma filmlar ishlab chiqarish, kino va animatsiya studiyalari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish hamda xalqaro kinofestivallarda ijodkorlar ishtirokini qo‘llab-quvvatlash masalalari belgilandi.
Tomonlar, shuningdek, "Markaziy Osiyo + Rossiya", MDH va SHHT doirasidagi madaniy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, madaniyat sohasidagi huquqiy bazani takomillashtirish muhimligini qayd etdilar. Shu maqsadda O‘zbekiston va Rossiya madaniyat vazirliklari o‘rtasida 2027–2029-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston va Rossiya madaniyat vazirlari Ozodbek Nazarbekov va Olga Lyubimova tomonidan Madaniyat masalalari bo‘yicha kichik qo‘mitaning oltinchi yig‘ilishi bayonnomasi imzolandi.
Mazkur uchrashuv va erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali madaniy-gumanitar hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish, amaliy loyihalar ko‘lamini kengaytirish hamda ikki mamlakat ijodiy va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 5-oktyabr kuni Moskva shahridagi Davlat Kreml saroyida "O‘zbekiston madaniyati kunlari" doirasida mamlakatimiz davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekiston shu’lasi” tantanali konserti bo‘lib o‘tadi.
