Bostonda O‘zbekistonning AI sohasidagi salohiyati namoyish etildi
2026-10-05 09:50:00 / Yangiliklar
AQSHning Boston shahrida sun’iy intellekt sohasidagi nufuzli xalqaro tadbir — Boston AI Week 2026 sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammitda sun’iy intellekt va innovatsiyalar sohasida dunyoda yetakchi o‘rinni egallab turgan Microsoft, Dell, shuningdek, Harvard University va MIT kabi yirik tashkilot va ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi so‘nggi islohotlari, yangi imkoniyatlar va xalqaro hamkorlik istiqbollariga ham alohida e’tibor qaratildi. Sammitda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi hamda Raqamli san’at ijodiy birlashmasi vakillari ishtirok etib, mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalarini madaniyat va san’at sohalariga joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Nutqlarda O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi islohotlari, innovatsion texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor, shuningdek, mamlakatning yirik xalqaro kompaniyalar va texnologik hamjamiyat uchun ochiq ekani ta’kidlandi. Xorijiy kompaniya va tashkilotlar bilan sun’iy intellekt sohasida yangi loyihalar va hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga tayyorlik bildirildi.
Sammit ishtirokchilariga O‘zbekistonning boy tarixi, madaniyati va zamonaviy qiyofasini aks ettiruvchi ikkita videorolik ham namoyish etildi. Milliy madaniyatimiz va yurtimizning yangi texnologik imkoniyatlarini uyg‘unlashtirgan videolavhalar tadbir ishtirokchilarining qiziqishi va olqishiga sazovor bo‘ldi. Tadbir yakunida xorijiy davlatlar, texnologik kompaniyalar va xalqaro tashkilotlar vakillari kelasi yili O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan yirik AI Film Awards festivalida ishtirok etishga taklif qilindi.
Bu tashabbus O‘zbekistonning sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar va kreativ industriyalar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga intilayotganini namoyon etdi.
