Davlat teatrlari rahbarlari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-10-02 22:25:00 / Yangiliklar

Bugun, 2-oktabr kuni Madaniyat vazirligi binosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining madaniyat bo‘yicha vakili Hasan Salixov hamda vazirning birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev rahbarligida davlat teatrlari rahbarlari ishtirokida muloqot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 41 ta davlat teatri va teatr-studiyasining direktorlari, bosh rejissyorlari hamda badiiy rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida teatr san’atini yanada rivojlantirish, teatrlarning faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil etishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Xususan, teatrlarda zamonaviy marketing, PR va brend-menejment yondashuvlarini joriy etish, ilg‘or xorijiy tajribalardan samarali foydalanish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda ijodiy jamoalarni qo‘llab-quvvatlash bugungi kunning muhim talablaridan ekanligi ta’kidlandi.
Muloqot davomida davlat teatrlari va teatr-studiyalarining joriy yil 9 oylik hisobotlari atroflicha tahlil qilindi. Amalga oshirilgan ishlar, oldinga qo‘yilgan vazifalarning ijrosi, erishilgan natijalar hamda mavjud muammolar tahliliy-tanqidiy nuqtai nazardan ko‘rib chiqildi. Shuningdek, teatrlarga tomoshabinlarni jalb etish, auditoriya qamrovini kengaytirish, spektakllar sifatini oshirish va aholining barcha qatlamlariga madaniy xizmat ko‘rsatish masalalari yuzasidan ochiq muloqot o‘tkazildi. Teatr rahbarlarining takliflari va amaliyotdagi yondashuvlari tinglanib, sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr va takliflar muhokama qilindi.
9 oylik faoliyat yakunlariga ko‘ra ko‘rsatkichlari past deb baholangan teatrlar rahbarlariga aniq vazifalar belgilab berildi. Ularga yil yakuniga qadar mavjud muammolarni bartaraf etish, belgilangan ko‘rsatkichlarni rejaga muvofiq ta’minlash yuzasidan tegishli ogohlantirishlar berildi. Ta’kidlanganidek, bugungi muloqot oddiy hisobot eshitish bilan cheklanmadi. Unda har bir teatr faoliyatiga xolis baho berish, mavjud kamchiliklarni ochiq muhokama qilish, sohadagi dolzarb muammolarga yechim topish hamda kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni aniq belgilashga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunida davlat teatrlari va teatr-studiyalari faoliyatini yanada takomillashtirish, tomoshabinlar bilan ishlash samaradorligini oshirish va ijodiy mahsulotlar sifatini yuksaltirishga qaratilgan qo‘shimcha vazifa va topshiriqlar berildi.





