Press-tur ishtirokchilari Xorazmdagi “Lazgi” muzeyi faoliyati bilan tanishdi
2026-09-30 15:00:00 / Yangiliklar

Xorazm viloyatida davom etayotgan press-tur ishtirokchilari hududdagi madaniyat va san’at maskanlari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda.
Navbatdagi manzil Urganch shahridagi “Lazgi” muzeyi.
Joriy yil 17-avgust kuni foydalanishga topshirilgan mazkur muzey Xorazmning boy tarixi, madaniy merosi va milliy san’atini zamonaviy ekspozitsiyalar orqali keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qilmoqda.
Press-tur davomida jurnalistlar muzeyga kelib, uning ekspozitsiyalari bilan yaqindan tanishdilar. Muzeyda paleolit davridan boshlab Xorazm tarixi, san’ati va madaniyatiga oid ma’lumotlar, shuningdek, “Lazgi” raqsining to‘qqizta turiga bag‘ishlangan ekspozitsiyalar jamlangan.
Uch ming yillik tarixni bugungi kun bilan bog‘lab turuvchi muzeyda qadimiy Xorazm madaniyatining o‘ziga xos jihatlari zamonaviy texnologiyalar va interaktiv usullar orqali namoyish etilgan.
“Lazgi” — shunchaki raqs emas. U Xorazm xalqining tarixiy xotirasi, milliy ruhi va avlodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan bebaho madaniy merosidir.









