Press-tur Xorazm viloyati qo‘g‘irchoq teatrida davom etdi
2026-09-30 12:10:00 / Yangiliklar

Xorazm viloyatida madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilgan zamonaviy imkoniyatlar hamda ijodiy jamoalar faoliyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etilgan press-turning navbatdagi manzili Xorazm viloyati qo‘g‘irchoq teatri bo‘ldi. Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillariga teatrning sahna ortidagi faoliyati, spektakllarni tayyorlash jarayoni, qo‘g‘irchoqlar, dekoratsiya va rekvizitlarni yaratish ishlari hamda ijodiy jamoaning sahna mashg‘ulotlari namoyish etildi.
Teatr uchun barpo etilgan yangi bino zamonaviy talablarga javob berishi bilan bir qatorda, ijodiy jamoa faoliyatini samarali tashkil etish uchun keng imkoniyatlar yaratgan. Yangi bino qurilishi uchun 13 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilib, 160 o‘rinli zamonaviy tomosha zali barpo etilgan. Shuningdek, teatrda faoliyat yuritadigan 80 nafar xodim uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Ijodkorlarning spektakllarni tayyorlashi, repetisiya jarayonlarini olib borishi, sahna bezaklari va qo‘g‘irchoqlarni tayyorlashi uchun zarur xonalar hamda infratuzilma shakllantirilgan.
Bugungi kunda teatr repertuaridan 118 ta spektakl o‘rin olgan. Ularda bolalar va o‘smirlarning yosh xususiyatlari, dunyoqarashi va qiziqishlaridan kelib chiqqan holda turli mavzular yoritiladi. Spektakllarda milliy qadriyatlar, ezgulik, mehr-oqibat, do‘stlik va insonparvarlik kabi tushunchalar sahna tili orqali tomoshabinlarga yetkaziladi. Xorazm viloyati qo‘g‘irchoq teatri nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro miqyosda ham o‘z ijodiy faoliyati bilan ishtirok etib kelmoqda. Ijodiy jamoa Germaniya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy, Turkiya va Ozarbayjon kabi davlatlarda gastrol safarlarida bo‘lib, turli xalqaro teatr festivallarida ishtirok etgan.
Teatrning xalqaro festivallardagi ishtiroki Xorazm qo‘g‘irchoq san’atining o‘ziga xos an’analari, ijodiy yondashuvlari va milliy sahna madaniyatini xorijiy tomoshabinlarga namoyish etish imkonini bermoqda.
Press-tur ishtirokchilari teatrning sahna ortidagi jarayonlar bilan tanishar ekan, bir spektakl yaratilishi ortida aktyorlardan tashqari qo‘g‘irchoq ustalari, rassomlar, dekoratorlar, musiqa va texnik mutaxassislarning ham mehnati mujassam ekanligiga guvoh bo‘ldilar.
Zamonaviy moddiy-texnik baza va ijodiy muhit teatr jamoasiga yangi sahna asarlarini yaratish, repertuarni boyitish hamda xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish uchun imkoniyat bermoqda.
Xorazm viloyati qo‘g‘irchoq teatri faoliyati yosh avlodni san’atga oshno etish, ularning estetik didini shakllantirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni sahna asarlari orqali targ‘ib qilish hamda qo‘g‘irchoq san’atini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.








