Press-tur ishtirokchilari Urganchdagi raqs san’ati maktab-internatida bo‘ldilar
2026-09-30 09:35:00 / Yangiliklar

Xorazm viloyatida madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida tashkil etilgan press-turning navbatdagi manzili Urganch ixtisoslashtirilgan boshlang‘ich raqs san’ati maktab-internati bo‘ldi.
Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari maktab-internatning rekonstruksiya qilingan binosi, o‘quvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim jarayoni hamda ijodiy mashg‘ulotlar bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur loyiha doirasida muassasa binosi 2 milliard so‘m mablag‘ hisobidan rekonstruksiya qilinib, ta’lim va ijodiy faoliyatni zamonaviy talablar asosida tashkil etish uchun zarur imkoniyatlar yaratildi.
Maktab-internatda 50 o‘rinli tomosha zali ham tashkil etilgan. Ushbu zalda o‘quvchilarning ijodiy chiqishlari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar hamda raqs san’atiga oid turli namoyishlarni o‘tkazish uchun sharoit mavjud. Press-tur ishtirokchilari o‘quvchilarning ta’lim va amaliy mashg‘ulotlarini kuzatib, raqs san’atining turli yo‘nalishlarini o‘zlashtirish jarayoni bilan tanishdilar. Shuningdek, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning qobiliyatini erta aniqlash va rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar namoyish etildi.
Maktab-internatda yosh avlodning raqs san’atiga qiziqishini oshirish, iste’dodli o‘quvchilarni aniqlash va ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish, milliy raqs san’ati an’analarini yosh avlodga izchil yetkazish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Rekonstruksiya qilingan bino va unda yaratilgan zamonaviy sharoitlar o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi, ijodiy qobiliyatlarini namoyon etishi hamda raqs san’ati bo‘yicha dastlabki kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.









