Xorazmda madaniyat va san’at sohasidagi yangiliklar namoyish etildi
2026-09-30 09:05:00 / Yangiliklar

Xorazm viloyatida madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida press-tur tashkil etildi. Press-turning dastlabki manzili O‘zbekiston davlat Xoreografiya akademiyasining Urganch filiali bo‘ldi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillariga filial uchun yangidan bunyod etilgan bino, unda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, ta’lim jarayonlari hamda talabalarning amaliy mashg‘ulotlari namoyish etildi.
Ma’lum qilinishicha, yangi bino loyihasini amalga oshirish uchun 12,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Zamonaviy majmuada talabalarning nazariy bilimlarini amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘unlashtirish, kasbiy mahorati va ijodiy salohiyatini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Filial hududida 70 o‘rinli yotoqxona ham barpo etilgan. Bu, ayniqsa, boshqa hududlardan kelib tahsil olayotgan yoshlar uchun qulay yashash sharoitini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, 160 o‘rinli tomosha zalining tashkil etilgani filialning ta’lim bilan bir qatorda ijodiy faoliyatini rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirdi. Mazkur zalda amaliy mashg‘ulotlar, ijodiy chiqishlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlar va san’at namoyishlarini o‘tkazish uchun zarur sharoitlar mavjud. Press-tur ishtirokchilari raqs san’atining turli yo‘nalishlari bo‘yicha olib borilayotgan amaliy mashg‘ulotlar bilan yaqindan tanishib, talabalarning kasbiy mahoratini oshirish va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasidagi imkoniyatlarni ko‘zdan kechirdilar.
Yangi binoning foydalanishga topshirilishi Xorazmda raqs san’ati yo‘nalishida malakali mutaxassislar tayyorlash, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash hamda milliy raqs san’atini zamonaviy ta’lim yondashuvlari asosida rivojlantirish uchun muhim imkoniyat yaratmoqda.

















