Press-tur “Madaniyat karvoni” konserti bilan yakunlandi
2026-09-28 21:05:00 / Yangiliklar
Qoraqalpog‘iston Respublikasida madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilgan imkoniyatlar va madaniyat muassasalari faoliyati bilan tanishish maqsadida tashkil etilgan press-tur yakuniga yetdi.
Press-tur yakunida Nukus shahrida yangidan tashkil etilgan, 24/7 rejimida faoliyat yurituvchi Turizm ko‘chasida “Madaniyat karvoni” loyihasi doirasida taniqli estrada xonandalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirok etdi. Konsert dasturi shahar aholisi va mehmonlariga ko‘tarinki kayfiyat ulashib, milliy va zamonaviy estrada san’atining eng sara namunalarini taqdim etdi. Ochiq osmon ostida tashkil etilgan musiqiy dastur yoshlar va keng jamoatchilik uchun o‘ziga xos madaniy hordiq maskaniga aylangan Turizm ko‘chasida bayramona muhit yaratdi.
Ma’lumot o‘rnida, Nukus shahridagi mazkur Turizm ko‘chasi 24/7 rejimida faoliyat yuritib, bugun nafaqat shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shayotgan zamonaviy maskan, balki aholi, ayniqsa, yoshlarning madaniy hordiq chiqarishi uchun qulay joylardan biriga aylanib ulgurdi.
“Madaniyat karvoni” O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan hududlarda madaniyat va san’atni keng targ‘ib qilish, aholiga ko‘tarinki kayfiyat ulashish, madaniy-ma’rifiy tadbirlar orqali jamoatchilikning madaniy faolligini oshirish maqsadida tashkil etib kelinayotgan loyihalardan biridir. Bugungi kunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham “Madaniyat karvoni” tadbiri tashkil etilib kelinmoqda.
Shu tariqa, Qoraqalpog‘iston Respublikasida bir kun davomida madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilgan zamonaviy sharoitlar va yangi loyihalar bilan tanishishga qaratilgan press-tur “Madaniyat karvoni” doirasidagi konsert dasturi bilan ko‘tarinki ruhda yakunlandi.
Madaniyat va san’at xalqni birlashtiradigan, insonlarga quvonch va ruhiy quvvat bag‘ishlaydigan beqiyos kuchdir. “Madaniyat karvoni” esa ana shu ezgu maqsad yo‘lida san’atni xalqqa yanada yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda.
