Qoraqalpog‘istonda madaniyat va san’at sohasini yoritishga ixtisoslashgan Media markaz ochildi
2026-09-28 16:10:00 / Yangiliklar

Bugun, 28-sentyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, madaniyat muassasalari faoliyati hamda yaratilgan shart-sharoitlarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham ishtirok etdi. Press-tur doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligining yangi binosi bilan tanishildi hamda mazkur binoda tashkil etilgan zamonaviy Media markazning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi 1953-yil 17-iyunda vazirlik sifatida tashkil etilgan, mazkur muassasa 73 yillik faoliyati davomida ilk bor o‘z zamonaviy binosiga ega bo‘ldi. Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan Nukus shahri markazida barpo etilgan to‘rt qavatli zamonaviy bino vazirlik faoliyati uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Yangi binoda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligining Media markazi ham tashkil etildi. Markaz Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi Madaniyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda vazirlikning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan 1 milliard 769 million so‘m mablag‘ evaziga barpo etildi. Zamonaviy suratga olish maydoni va so‘nggi rusumdagi texnikalar bilan jihozlangan Media markaz madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni keng yoritish, zamonaviy media mahsulotlar tayyorlash, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda talabalar uchun amaliy tajriba maydoni vazifasini bajaradi.
Quvonarlisi, vazirlikning axborot siyosati yo‘nalishida ham tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. 2024-yildan matbuot xizmati to‘liq faoliyat boshlab, ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahifalar tashkil etildi. Vazirlikning rasmiy veb-sayti ham zamonaviy talablar asosida qayta ishlanib, unda sohaga oid yangiliklar va ma’lumotlar o‘zbek, qoraqalpoq, rus hamda ingliz tillarida yoritib borilmoqda.
Ayni paytda vazirlikning ijtimoiy tarmoqlarida “Art focus”, “Art anons”, “Madaniy meros”, “San’atdagi hayot”, “Kerakli kitoblar”, “Yodda saqlang!”, “Intilish”, “Yo‘lda” kabi media loyihalar amalga oshirilmoqda. Yaqinda “Art kids”, “Art music”, “Drive”, “Process” kabi yangi loyihalarni ishga tushirish hamda zamonaviy insta-seriallar tayyorlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, madaniyat va san’at sohasiga qiziqishi yuqori bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Art jurnalist” loyihasi tashkil etilgan bo‘lib, bugunga qadar mazkur loyiha doirasida 50 nafardan ortiq yosh media yo‘nalishida bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
Tadbir davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vaziri matbuot kotibi — axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi Gulmira Paltvanovaning taqdimoti tinglandi.
Umuman, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligining yangi zamonaviy binoga ega bo‘lishi, Media markazning tashkil etilishi va axborot-kommunikatsiya yo‘nalishida yangi loyihalarning yo‘lga qo‘yilishi hududda madaniyat va san’at sohasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.
Yangi imkoniyatlar madaniyat va san’at sohasidagi islohotlarni keng yoritish, ijodkorlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, aholiga sohaga oid tezkor va sifatli axborot yetkazish hamda Qoraqalpog‘istonning boy madaniy merosini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasida madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ijodkorlar va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda hududda 99 ta madaniyat muassasasi faoliyat yuritib, ular orasida teatrlar, konsert tashkilotlari, madaniyat markazlari, ixtisoslashtirilgan va bolalar musiqa hamda san’at maktablari, oliy ta’lim muassasalari hamda kutubxona tizimi mavjud.






