Press-tur davom etmoqda: filarmoniyaning ijodiy jamoalari faoliyati bilan tanishildi
2026-09-28 14:45:00 / Yangiliklar
Avval xabar berilganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida press-tur davom etmoqda. Press-turning navbatdagi manzili O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘linmasi bo‘ldi. Tashrif davomida filarmoniyaning ijodiy jamoalari faoliyati, repertuari hamda aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston davlat filarmoniyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan mazkur bo‘linma 2018-yil 1-noyabrdan o‘z faoliyatini boshlagan.
Bugungi kunda filarmoniya tarkibida “Xalq sozlari” orkestri, “Amudaryo to‘lqini” folklor-etnografik, “Gulzor” estrada, “Muxallas” dutorchilari hamda “Ashula va raqs” ansambllari faoliyat yuritmoqda.
Mazkur ijodiy jamoalar safida tanilgan san’atkorlar, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artistlari, xizmat ko‘rsatgan artistlar, san’at arboblari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari, “Nihol” davlat mukofoti sohiblari hamda xalqaro tanlovlar g‘oliblari ijodiy faoliyat olib bormoqda.
Filarmoniyaning ijodiy salohiyatini yanada oshirish va repertuarini boyitish maqsadida joriy yilda yangi “Raqs” ansambli tashkil etildi. Shuningdek, “Gulzor” folklor ansambli negizida “Gulzor” estrada ansambli qayta tashkil qilinib, yangi musiqiy-xoreografik kompozisiyalar yaratilmoqda.
Bu esa filarmoniya jamoalarining ijodiy izlanishlarini kengaytirish, milliy musiqa va sahna san’atining an’analarini zamonaviy ijodiy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish hamda tomoshabinlarga mazmunan boy va rang-barang dasturlarni taqdim etish imkonini bermoqda.
Aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish sifati va qamrovini oshirish borasida ham ijobiy natijalar kuzatilmoqda. Xususan, so‘nggi uch yilda filarmoniyada pullik madaniy xizmatlar hajmi 30 foizga o‘sdi.
Bugungi kunda filarmoniya nafaqat professional san’atkorlarni birlashtirgan ijodiy dargoh, balki milliy musiqa va ijro san’atini keng targ‘ib qilish, aholining madaniy ehtiyojini qondirish hamda yosh avlodni san’atga oshno etishga xizmat qilayotgan muhim madaniy maskan sifatida faoliyat yuritmoqda.
Press-tur davomida Qoraqalpog‘istonda madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, ijodkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda milliy san’atimizni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar bilan tanishish jarayoni davom etmoqda.
