Qoraqalpog‘istonda press-tur boshlandi
2026-09-28 10:30:00 / Yangiliklar
Bugun, 28-sentabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida madaniyat muassasalari faoliyati hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil etilmoqda. Unda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham ishtirok etmoqda.
So‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, aholining madaniy hordiq chiqarishi hamda ma’naviy ehtiyojlarini ta’minlash borasida qator yangilanishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami 99 ta madaniyat muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ular orasida 3 ta davlat va 3 ta xususiy teatr, 5 ta konsert tashkiloti, 61 ta madaniyat markazi, 3 ta ixtisoslashtirilgan madaniyat va san’at maktabi hamda maktab-internati, 24 ta bolalar musiqa va san’at maktabi, 2 ta oliy ta’lim muassasasi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasi va uning hududiy filiallari mavjud.
Press-tur doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasi faoliyatiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur kutubxona ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi fuqarolar, ularning oila a’zolari hamda hudud aholisi uchun axborot-kutubxona xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.
Kutubxonaning Nukus shahri, Amudaryo, Beruniy, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Taxiatosh, To‘rtko‘l, Chimboy, Xo‘jayli va Ellikqal’a hududlaridagi filiallari faoliyat yuritmoqda. Respublika bo‘yicha jami kitobxonlar soni 4 552 nafarni tashkil etib, ularning 2 230 nafari ko‘zi ojiz fuqarolardir.
Kutubxonalarga tashriflar soni 34 588 tani, kitobxonlarga berilgan adabiyotlar soni esa 72 424 nusxani tashkil etgan. Jami kitob fondi 60 844 nusxadan iborat bo‘lib, shundan 14 249 nusxasi Brayl yozuvidagi, 36 106 nusxasi bosma harfli, 9 231 nusxasi gapiruvchi kitoblar hamda 1 258 tasi elektron disklarni tashkil etadi.
Ko‘zi ojiz kitobxonlarning axborot va badiiy adabiyotlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida kutubxona qoshidagi ovoz yozish studiyasida bugungi kungacha 244 ta audio kitob tayyorlangan. Shuningdek, kutubxonaning kichik tipografiyasida qoraqalpoq tilidagi 124 dona Brayl yozuvidagi adabiyot nashrdan chiqarilgan.
Mazkur ishlar ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi fuqarolarning axborot-kutubxona xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning mutolaa va ma’naviy-ma’rifiy ehtiyojlarini qondirish hamda zamonaviy axborot resurslaridan foydalanishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Press-tur davomida jurnalistlar Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi madaniyat muassasalari faoliyati, amalga oshirilayotgan loyihalar va sohadagi yangilanishlar bilan bevosita tanishmoqda.
