O‘zbekiston va Rossiya teatr ta’limi sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi
2026-09-26 16:45:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida teatr ta’limi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
O‘zbekiston madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev hamda Rossiya teatr san’ati instituti — GITIS rektori vazifasini bajaruvchi Aleksandr Fokin o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ishchi uchrashuvda teatr ta’limini rivojlantirish, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida GITIS va O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, jumladan, teatr menejerlari, teatrshunoslar, aktyorlar, rejissyorlar, texnik xizmat mutaxassislari, grimyorlar, sahna rassomlari va boshqa soha mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Kelishuvlarga ko‘ra, O‘zbekistonda GITIS maktabi tashkil etiladi. Shuningdek, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalar teatr jamoasi “GITIS FEST” xalqaro festivalida ishtirok etadi.
Bundan tashqari, institut pedagoglari uchun GITIS bazasida hamda Toshkent shahrida GITIS professor-o‘qituvchilari ishtirokida malaka oshirish kurslarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Mazkur hamkorlik doirasida ilg‘or ta’lim metodikalarini o‘zaro almashish, pedagoglar malakasini oshirish, talabalar uchun xalqaro festival va ta’lim platformalarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Hamkorlikning kengayishi O‘zbekiston teatr ta’limi tizimining rivojlanishi, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash va milliy teatr maktabining xalqaro madaniy-ta’limiy makondagi aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.



