O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida madaniy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi
2026-09-25 19:55:00 / Yangiliklar
Bugun, 25-sentyabr kuni poytaxtda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Xitoy Xalqaro madaniy kommunikatsiyalar markazi raisi Long Yuysyan hamda Gonkongning “JDB Group” kompaniyasi asoschisi Chan Xunto o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning bugungi holati, istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar hamda kun tartibidagi muhim masalalar muhokama qilindi.
Xususan, joriy yilning oktyabr oyida Xitoyda “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Muloqot davomida Xitoy tomoni nogironligi bo‘lgan san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan san’atkorlarning konsert dasturlarini tashkil etish, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikda qo‘shma tasviriy san’at ko‘rgazmalarini o‘tkazish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish takliflari ilgari surildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan ham madaniy hamkorlikni yangi yo‘nalishlar bilan boyitishga qaratilgan qator takliflar bildirildi. Jumladan:
- Xitoyning mashhur “I Am a Singer” musiqiy loyihasiga O‘zbekistonning taniqli san’atkorlarini jalb etish;
- an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Pekin Buyuk Xitoy devori konserti xalqaro loyihasi doirasida 2027-yilda maxsus “O‘zbekiston kechasi”ni tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqish;
- O‘zbekiston va Xitoy qo‘shma orkestrlarining hamkorlikdagi loyihalarini amalga oshirish, xususan, “Silk Road Symphony” — “Buyuk Ipak yo‘li simfoniyasi” nomli konsert dasturini tashkil etish;
- 2027-yilning avgust–sentyabr oylarida konsert dasturini Xitoyda tashkil etish kabi kelishuvlarga erishildi.
Muloqot yakunida tomonlar madaniyat va san’at sohasidagi o‘zaro manfaatli loyihalarni izchil davom ettirish, ijodiy almashinuvlarni kengaytirish hamda ikki mamlakat san’atkorlari uchun yangi hamkorlik imkoniyatlarini yaratish muhimligini ta’kidladilar.
Uchrashuv O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ijodiy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qildi.
