Poytaxtda “O‘zbekiston–Turkiya madaniyat va san’at uchrashuvlari” doirasida o‘zbek va turk san’at ustalarining qo‘shma konserti bo‘lib o‘tdi
2026-09-24 21:00:00 / Yangiliklar

Bugun, 24-sentyabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbekiston–Turkiya madaniyat va san’at uchrashuvlari — Turk kino kunlari” madaniy tadbirlari doirasida Toshkent shahridagi "O‘zbekiston" xalqaro anjumanlar saroyida o‘zbek va turk san’at ustalarining qo‘shma konserti bo‘lib o‘tdi.
Konsert dasturi avvalida Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy nutq qildi.
“Bugun biz uchun nihoyatda qadrli va ulug‘ bir kunda — do‘st va qardosh O‘zbekistonning 35 yillik Mustaqillik yubileyi munosabati bilan sizlar bilan birga bo‘lib turganimdan juda mamnun va sharafliman. Sizlarni O‘zbekiston Respublikasidagi barcha do‘stlarimiz va qardoshlarimizga, O‘zbekiston xalqiga Turkiya Respublikasi nomidan samimiy mehr, hurmat va ezgu tilaklarimni izhor etgan holda qutlayman. Ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kunini eng samimiy tilaklarim bilan muborakbod etaman. Do‘st va qardosh O‘zbekiston xalqiga tinchlik, farovonlik va xotirjamlik tilayman. Prezidentimiz muhtaram Rejep Tayyip Erdog‘an janoblarining ham salom va ezgu tilaklarini qardosh O‘zbekiston xalqiga yetkazaman. Turkiya va O‘zbekiston asrlar davomida shakllangan mustahkam rishtalar bilan bir-biriga bog‘langan ikki buyuk mamlakatdir. Mamlakatimiz O‘zbekistonning mustaqilligini tan olgan birinchi davlat bo‘lgan. O‘sha kunlardayoq ikki do‘st va qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikning eng mustahkam poydevorlaridan biri yaratilgan. Shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasida mushtarak tariximiz, madaniyatimiz va sivilizasion merosimizga asoslangan chuqur va mustahkam aloqalar mavjud. Ushbu umumiy meros izlarini Samarqanddan Buxoroga, Xivadan Toshkentga qadar ushbu qadimiy zaminning har bir go‘shasida ko‘rish mumkin. Imom Buxoriy, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiy singari buyuk alloma va mutafakkirlarning ilm-fan, tafakkur va adabiyot sohalarida yaratgan bebaho asarlari bugungi kunda Turkiya va O‘zbekistonning umumiy madaniy xazinasining muhim qismlarini tashkil etadi. Biroq mushtarak merosimiz faqat o‘tmishgagina tegishli emas.Biz bu merosni bugun ham birgalikda asrab-avaylab, madaniyat va san’at orqali kelajak avlodlarga yetkazmoqdamiz. Bugun kechqurun bu yerda o‘tkazilayotgan Turkiya–O‘zbekiston madaniyat va san’at uchrashuvlari ham buning yorqin namunasidir” – dedi Mehmet Nuri Ersoy nutqi davomida.
So‘ng, O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ham nutq qildi.
“Bugun O‘zbekiston xalqining eng ulug‘ bayrami – Mustaqilligimizning 35 yillik tantanalari munosabati bilan tashkil etilgan konsert dasturi uchun turk qardoshlarimizga minnatdorlik bildiramiz. Fursatdan foydalanib, ushbu tashabbusni ilgari surgani uchun Turkiya Respublikasi Hukumatiga, Madaniyat va turizm vazirligiga, aziz birodarim hurmatli Mehmet Nuri Ersoy janoblariga hamda barcha turkiyalik hamkasblarimizga chuqur minnatdorlik bildiraman. Albatta xalqlarimiz birodarlik rishtalarini mustahkamlashda ikki davlat Rahbarlarini o‘rni beqiyosdir. Hurmatli Prezidentlarimizning tashabbuslari bilan madaniyat sohasidagi hamkorligimiz yuqori darajaga ko‘tarildi. Biz tarixni birga o‘qigan xalqlarmiz. Movarounnahr va Anadolu zaminlarida kamol topgan buyuk allomalar, mutafakkirlar, shoir va san’atkorlarning bebaho merosi xalqlarimizni asrlar davomida bir-biriga yaqinlashtirib kelgan. Albatta, bugun bu sahnada yangraydigan kuy-qo‘shiqlar, namoyish etiladigan san’at namunalari ikki qardosh xalqning mushtarak ruhini, o‘zaro hurmati va samimiy do‘stligini tarannum etadi. Shu ma’noda, bugungi konsertni oddiy madaniy tadbir deb emas, balki ikki qardosh xalq qalblarining muloqoti, deb qabul qilishimiz kerak” – dedi Ozodbek Nazarbekov.
Tantanali konsert dasturida ikki qardosh xalqning milliy musiqa, qo‘shiq va raqs san’ati namunalari, shuningdek, zamonaviy ijod namunalari taqdim etildi. Konsert avvalida buyuk sarkarda va davlat arbobi Jaloliddin Manguberdi obrazi sahna ko‘rinishi orqali gavdalantirilib, ushbu rolni aktyor Ahror Alijonov ijro etdi. Shundan so‘ng "Bravo" orkestri ijrosida "Mendirman Jaloliddin" qo‘shig‘i yangradi. "Tumor" davlat raqs ansambli tomonidan "O‘zbegim raqslari" xoreografik kompozisiyasi namoyish etildi. Konsertning turk qismida "Cemreler", "Şaman", "Kara Toprak", "Acı Hayat", "Bahça Duvarı", "Azeri veya Yolcu", "Cengi", "Kafkas", "Gönül Dağı", "Meni Sevip Qalsaydın", "Kulada Sevdiğim" kabi turk musiqa san’atining mashhur namunalari ijro etildi. O‘zbek mumtoz musiqasiga bag‘ishlangan qismda esa Alisher Navoiy g‘azali asosidagi "Ohki" hamda "Aylab keling" asarlari Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli xonandalari tomonidan ijro etildi.Shuningdek, "Bek" doirachilar guruhi hamda "Shukrona" dutorchi qizlar ansambli ishtirokida "Sado" musiqiy kompozisiyasi taqdim etildi. Konsert dasturidan O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov ijrosidagi "Gladiator" asari, turk filmlariga ishlangan saundtreklardan tayyorlangan popurri hamda O‘zbekiston xalq artisti Ilyos Arabov ijrosidagi "Mavrigi» asari ham o‘rin oldi. Konsertning yakuniy qismida "Xorazm termalari" xoreografik kompozisiyasi hamda "Potpori" musiqiy dasturi namoyish etildi.
Eslatib o ‘tamiz, madaniy tadbirlarning yana bir muhim yo‘nalishlaridan biri — "Turk kino kunlari" bo‘lib, uning tantanali ochilish marosimi 25-sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Ochilish marosimida Turkiya kinematografiyasining taniqli vakillari — aktyorlar Engin Altan Dyuzyatan, O‘zge Gyurel, Serkan Chayog‘lu, Deniz Barut va Emre Karayel ishtirok etib, o‘zbek tomoshabinlari bilan uchrashadilar. Kino kunlari doirasida turk kinematografiyasining sara namunalari namoyish etiladi.









