Islom sivilizatsiyasi markaziga "Kulliyoti Navoiy" asarining nusxasi taqdim etildi
2026-09-24 17:00:00 / Yangiliklar

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan "O‘zbekiston–Turkiya madaniyat va san’at uchrashuvlari — Turk kino kunlari" madaniy tadbirlari doirasida bugun, 24-sentyabr kuni O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar.
Tashrif davomida mehmonlar markaz ekspozitsiyasi bilan tanishib, islom olami tarixi va madaniyatiga oid noyob eksponatlarni tomosha qildilar. Markazda saqlanayotgan tarixiy-madaniy meros namunalari, ularning ilmiy va ma’rifiy ahamiyati haqida ma’lumot berildi.
Tashrif doirasida Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy tomonidan Islom sivilizatsiyasi markaziga "Kulliyoti Navoiy" asarining nusxasi (faksimile nashri) taqdim etildi. Ma’lumot o‘rnida, "Kulliyoti Navoiy" Alisher Navoiyning turli janrdagi asarlari jamlangan nodir qo‘lyozma to‘plamdir. Kulliyot tarkibida Alisher Navoiyning 26 ta asari jamlangan bo‘lib, uning asl nusxasi Istanbul shahridagi Topqopi saroyi kutubxonasida saqlanadi.
Mazkur taqdimot Alisher Navoiyning boy adabiy merosini asrab-avaylash, o‘rganish va keng targ‘ib etish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixiy-madaniy mushtaraklikni yanada mustahkamlash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, uchrashuv davomida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda ikki mamlakat madaniy muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston–Turkiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, ikki xalqning mushtarak tarixiy va madaniy merosini o‘rganish hamda keng targ‘ib etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.









