Toshkentda "Golden Globes Silk Road Tribute Gala" xalqaro tadbir o‘tkaziladi
2026-09-22 18:00:00 / Yangiliklar
Bugun, 22-sentyabr kuni Madaniyat vazirligida Rossiyaning “LETO Production” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda kompaniyaning xalqaro yo‘nalish va maxsus xalqaro loyihalar uchun mas’ul vakillari Darya Bogdanova va Viktoriya Noviskaya ishtirok etdi. Muloqot davomida, joriy yilning oktyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan "Golden Globes Silk Road Tribute Gala" xalqaro tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada tashkil etish masalalari muhokama etildi.
Tomonlar mazkur tadbir Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi kino va televideniye sohasidagi ijodiy yutuqlarni xalqaro maydonda namoyish etish, mamlakatlar o‘rtasidagi professional aloqalarni kengaytirish hamda yangi hamkorlik loyihalariga yo‘l ochishini ta’kidladilar.
Uchrashuvda tadbirni tashkil etishda Madaniyat vazirligi ko‘maklashuvchi tomon sifatida ishtirok etishi, asosiy tashkiliy jarayonlar xalqaro tashkilotchilar tomonidan amalga oshirilishi belgilangani qayd etildi. Shuningdek, tashkiliy masalalarda Kinematografiya agentligini mas’ul tashkilot sifatida belgilash rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.
Ta’kidlanganidek, "Golden Globes Silk Road Tribute Gala" xalqaro tadbirining Toshkentda o‘tkazilishi O‘zbekistonning xalqaro madaniy imijini mustahkamlash, milliy san’at va kino salohiyatini keng targ‘ib qilish, mamlakatning turistik imkoniyatlarini xalqaro auditoriyaga namoyish etish hamda kinoindustriya sohasida yangi xalqaro hamkorliklarni rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
