Qoraqalpog‘istonda madaniyat va san’at sohasidagi ishlar o‘rganildi
2026-09-19 19:10:00 / Yangiliklar
Joriy yilning 16–18-sentyabr kunlari madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev xizmat safari bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘ldi.
Xizmat safari davomida hududdagi madaniyat va san’at tashkilotlari hamda ta’lim muassasalarining faoliyati, mavjud shart-sharoitlar, moddiy-texnik bazasi va ijodiy salohiyati o‘rganildi. Xususan, Nukus shahridagi Opera, baxshichilik va san’at maktabi, 1-son bolalar musiqa maktabi hamda ko‘zi ojizlar kutubxonasida bo‘lib, o‘quv jarayonlari, ijodiy faoliyat va muassasalarning moddiy-texnik holati bilan tanishildi. Shuningdek, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali hamda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filialida ta’lim jarayoni, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, o‘quv-moddiy baza hamda ijodiy faoliyat ko‘zdan kechirildi.
Shu bilan birga, Nodirbek Sayfullayev Nukus tumanidagi qo‘biz ustaxonasi faoliyatini ko‘zdan kechirib, milliy cholg‘u asboblarini tayyorlash jarayoni va hunarmandlarning mehnati bilan yaqindan tanishdi. So‘ng, Xo‘jayli tumanidagi 5-, 14- va 19-son musiqa maktablari, Qonliko‘l tumanidagi 13-son madaniyat markazi faoliyati ham o‘rganildi.
Xizmat safari davomida hududiy madaniyat bo‘limlari va muassasalarida ishlarni samarali tashkil etish, aholiga ko‘rsatilayotgan madaniy xizmatlar sifatini oshirish, ijodiy jamoalar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilib, muassasalarning qish mavsumini betalafot o‘tkazishga tayyorgarligi, isitish tizimlari va uskunalarining texnik holati ko‘zdan kechirildi. Aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.
Navbatdagi manzil Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri bo‘ldi. Teatr faoliyati bilan ham tanishildi. Teatr jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan “Vavilonning eng boy odami” spektakli tomosha qilindi.
Safar yakunida hududdagi madaniyat va san’at muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ijodkorlar va ta’lim oluvchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaxshilash hamda aholiga ko‘rsatilayotgan madaniy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.
