Koreya Respublikasida “San’at va Buyuk Ipak yo‘li — do‘stlik yo‘llarini bog‘lovchi rishtalar” ko‘rgazmasi ochildi
2026-09-15 14:45:00 / Yangiliklar

Koreya Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi hamda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 34 yilligiga bag‘ishlangan “San’at va Buyuk Ipak yo‘li — do‘stlik yo‘llarini bog‘lovchi rishtalar” nomli madaniy-badiiy almashinuv ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmadan koreyalik rassomlarning 50 ta san’at asari hamda O‘zbekistonning tarixiy-madaniy va tabiiy merosini aks ettiruvchi 50 ta fotosurat o‘rin olgan. Mazkur ekspozitsiya ikki mamlakatning boy madaniy merosi, san’at va an’analarini keng namoyish etish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri maslahatchisi Sh. Akbarov, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi diplomatik vakolatxonasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ijodkorlar va madaniyat sohasi vakillari o‘rtasida tajriba almashish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 14–21-sentyabr kunlari Koreya Respublikasining Kochxan, Boryon, Seul, Chondju, Andon va Sunchxon shaharlarida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” o‘tkazilmoqda.









