Askiya, stendap va baxshichilik: ijodiy birlashmalar faoliyati ko‘rib chiqildi
2026-09-14 23:10:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyundagi "Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PF-103-son Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida mamlakatimizda madaniyat, san’at va adabiyot sohalarida ijodiy birlashmalar faoliyatini samarali tashkil etish, ularning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda soha rivoji uchun yangi imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda, bugun, 14-sentyabr kuni Askiya, qiziqchilik va stendap ijodiy birlashmasi hamda Baxshichilik va xalq ijodiyoti ijodiy birlashmasi faoliyati ko‘rib chiqildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining madaniyat bo‘yicha vakili Xasan Salixov, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev, "O‘zbektelekom" AJ boshqaruv raisi Nazirjon Hasanov, Askiya, qiziqchilik va stendap ijodiy birlashmasi ijodiy rahbari Mirzabek Xolmedov, Baxshichilik va xalq ijodiyoti ijodiy birlashmasi ijodiy rahbari Feruz Baxshi Normatov, soha mutaxassislari hamda homiylar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida askiya, qiziqchilik va stendap, shuningdek, baxshichilik va xalq ijodiyoti yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud imkoniyatlar va sohadagi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, ijodiy birlashmalar faoliyatini yanada takomillashtirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish, yosh iste’dodlarni kashf etish va ular uchun munosib ijodiy muhit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ijodiy loyihalarni kengaytirish, homiylik va hamkorlik imkoniyatlaridan samarali foydalanish, milliy san’at va xalq ijodining noyob namunalarini asrab-avaylash hamda ularni keng targ‘ib qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuv davomida, ijodiy birlashmalarning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratilganligiga alohida e’tibor qaratildi. Ijodiy birlashmalarga biriktirilgan homiy tashkilotlar tomonidan ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun binolar ajratilgani qayd etildi. Bu esa ijodkorlar uchun doimiy ishlash, ijodiy loyihalarni amalga oshirish va sohada yangi tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish uchun zarur infratuzilmani shakllantirishda muhim qadam bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida ijodiy birlashmalar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, ijodiy rahbarlar zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sifatli amalga oshirish, yangi iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
