Sirk san’ati faoliyatini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi
2026-09-12 19:30:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda mamlakatimizda ijodiy birlashmalar faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, ish samaradorligini oshirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash hamda soha rivoji uchun yangi imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Sirk san’ati ijodiy birlashmasining faoliyati ham o‘rganildi. Unda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining madaniyat bo‘yicha vakili Xasan Salixov, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxobov, Sirk san’ati ijodiy birlashmasi ijrochi direktori Rustam Xametov, soha mutaxassislari hamda homiylar ishtirok etdi.
Uchrashuvda Sirk san’ati ijodiy birlashmasining joriy faoliyati, amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud imkoniyatlar va istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Xususan, tomosha dasturlarini takomillashtirish, zamonaviy sirk san’atini rivojlantirish, ijodiy jamoalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda sohaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, sirk san’atini rivojlantirishda hamkorlik va homiylik imkoniyatlaridan samarali foydalanish, yangi loyihalarni amalga oshirish hamda sohaning xalqaro aloqalarini kengaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida Sirk san’ati ijodiy birlashmasi faoliyati samaradorligini oshirish, istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi.








