Londonda O‘zbekiston musiqa ta’limini rivojlantirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi
2026-09-11 00:50:00 / Yangiliklar

Avval xabar berilganidek, ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov xizmat safari bilan Angliyada bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Buyuk Britaniya Musiqa ta’limi uyushmasi (Music Mark) rahbari Jennifer Makki bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ravshan Usmonov ham ishtirok etdi.
Muloqot davomida O‘zbekistondagi Bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish hamda musiqa sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekistondagi ilg‘or musiqa maktablarini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, ularni bosqichma-bosqich “Music Mark International Partner School” maqomi bo‘yicha xalqaro sifat sertifikatidan o‘tkazish, shuningdek, Buyuk Britaniyaning “A Common Approach” zamonaviy o‘qitish dasturini mahalliy sharoitga moslashtirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishildi.
Shu bilan birga, pedagoglar malakasini oshirish, zamonaviy ta’lim metodikalarini joriy etish, alohida ehtiyojga ega bolalar uchun inklyuziv ta’lim va musiqa terapiyasi yo‘nalishida Britaniya tajribasidan foydalanish, ikki mamlakat yoshlar orkestrlari va ijodiy jamoalari o‘rtasida qo‘shma konsert hamda festivallarni tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish belgilandi.
Mazkur kelishuvlar O‘zbekistonda yosh musiqachilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, ta’lim sifatini oshirish va musiqa ta’limi sohasida xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

