Uchinchi bor o‘tkazilgan “Nigoh” ijodiy loyihasi o‘z yakuniga yetdi
2026-09-09 17:50:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 7–9-sentyabr kunlari Toshkent viloyati Parkent tumanidagi “Parkent ijod uyi”da yosh ijodkorlar o‘rtasida ijodiy hamkorlikni rivojlantirish, yangi sahna asarlarini yaratish va ijodiy salohiyatni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Nigoh” ijodiy loyihasining uchinchi mavsumi o‘tkazildi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-noyabrdagi PQ–399-son qarori, shuningdek, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va Bastakorlar uyushmasining 2025-yil 17-fevraldagi qo‘shma qarori asosida tashkil etildi.
Loyihaning asosiy maqsadi “rejissyor–dramaturg–kompozitor–rassom” tamoyili asosida yosh ijodkorlarning o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, yangi sahna asarlarini yaratish hamda zamonaviy teatr san’ati uchun yangi ijodiy yondashuvlarni shakllantirishdan iborat.
Joriy mavsumda loyihada jami 55 nafar soha vakili, jumladan, 9 nafar tajribali ustoz-murabbiy va ekspert hamda 46 nafar yosh ijodkor — 14 nafar dramaturg, 15 nafar rejissyor, 13 nafar rassom va 4 nafar kompozitor ishtirok etdi.
Loyiha davomida yosh ijodkorlar tomonidan 15 ta ijodiy ish tayyorlanib, ular soha mutaxassislari va ustoz-murabbiylar tomonidan atroflicha ko‘rib chiqildi. Ekspertlar asarlarning badiiy va g‘oyaviy yechimi, sahnaviy ifodasi hamda dramaturgik jihatlarini tahlil qilib, ularni yanada takomillashtirish yuzasidan amaliy tavsiyalar berdilar.
Xususan, teatr sohasida ko‘p yillik tajribaga ega ustoz va murabbiylar — Muhabbat Tulyaxodjayeva, Valixon Umarov, Omonulla Rizayev, Go‘zal Xoliqqulova, A’zam Abduxalilov, Mirjalol Xoliqov, Akmal Safarov, Shohrux Abdurassulov, Maftuna Mahmudaminova ishtirokchilarning ijodiy ishlari bilan tanishib, ularni takomillashtirish bo‘yicha fikr va takliflarini bildirdilar.
Ijodiy loyihalar ustozlar bilan hamkorlikda qayta-qayta ishlanib, mazmunan va badiiy jihatdan boyitildi. Shuningdek, ishtirokchilar uchun soha mutaxassislari tomonidan maxsus mahorat darslari tashkil etildi.
Jumladan, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori, san’atshunos Go‘zal Xoliqqulova hamda institut dotsenti A’zamjon Abduxalilov tomonidan “San’at nutqi va qo‘g‘irchoq teatri san’ati” mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi.
Loyiha doirasida “Baxt ko‘prigi”, “Shirinliklar mamlakati”, “Rangsiz gullar”, “Tib shahzodasi”, “Shiroq haqida afsona”, “Alla”, “Dugonalar”, “Elbek va yo‘qolgan dostonlar”, “Super o‘g‘ri qidirilmoqda”, “Tanovar”, “Kogda igrushki prosipayutsya”, “Toshda ungan chechak”, “Olaparning til sabog‘i”, “Osmon zangori” kabi ijodiy ishlar taqdimoti o‘tkazildi.
Loyihaning yakuniy bosqichida baholash kengashi a’zolari tomonidan taqdim etilgan barcha ijodiy ishlar yuzasidan yakuniy muhokama o‘tkazilib, dramaturg, rejissyor, rassom va bastakor hamkorligida yaratilgan asarlar saralab olindi.
“Nigoh” ijodiy loyihasi yosh ijodkorlarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash, ularning ijodiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy teatr san’ati uchun yangi asarlar yaratish hamda soha vakillari o‘rtasida tajriba almashinuvini kengaytirishga xizmat qildi.
Loyiha g‘oliblari va yakuniy natijalar 10-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi binosida o‘tkaziladigan tantanali yopilish marosimida e’lon qilinadi.









