“Amir Temur” filmi xalqaro tanlovda g‘olib bo‘ldi
2026-09-06 18:20:00 / Yangiliklar
O‘zbekistonning sun’iy intellekt yo‘nalishidagi ijodiy ishlari xalqaro maydonda e’tirof etildi.
Madaniyat vaziri maslahatchisi Abduraufbek Nabiyevning Raqamli San’at Ijodiy Birlashmasi tomonidan sun’iy intellekt texnologiyalari asosida yaratilgan “AMIR TEMUR” ijodiy loyihasi Italiyaning Venetsiya shahrida o‘tkazilgan AI Film Awards Venice 2026 xalqaro tanlovida 1-o‘rinni egalladi.
Kuni kecha tanlovning rasmiy natijalari e’lon qilinib, “AMIR TEMUR” filmi “Bringing Heritage Back to Life” (“Merosni hayotga qaytarish”) nominatsiyasida Award Winner — 1-o‘rin bilan taqdirlangani ma’lum qilindi.
AI Film Awards — sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kino va video asarlarini baholovchi xalqaro tanlov bo‘lib, 2024-yildan buyon Kann, Venetsiya, Dubay va Parij kabi dunyoning yirik shaharlarida o‘tkazib kelinmoqda.
Joriy yilgi tanlovda turli mamlakatlardan taqdim etilgan sun’iy intellekt asosidagi ijodiy loyihalar bir qator nominatsiyalar bo‘yicha saralandi. “AMIR TEMUR” loyihasining “Bringing Heritage Back to Life” nominatsiyasida g‘olib bo‘lishi O‘zbekistonning ushbu yangi va istiqbolli ijodiy yo‘nalishdagi xalqaro yutug‘ini namoyon etdi.
Tanlovning boshqa nominatsiyalarida esa “AlUla Reborn”, “The Awakened Dragon”, “Bliss”, “The Settler”, “Hold Your Breath”, “The Retroverse. The Origin Story of Br...”, “NO WAY HOME”, “The Truth will out”, “The Auction”, “CONSCRIPTED”, “EYE OF A MISSILE” hamda “On the Other Side” kabi loyihalar ham turli mukofotlarga sazovor bo‘ldi.
Mazkur xalqaro g‘alaba — nafaqat bir ijodkorning, balki O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi salohiyatining xalqaro e’tirofidir.
Milliy tariximiz, buyuk ajdodlarimiz va boy madaniy merosimizni zamonaviy texnologiyalar orqali dunyoga namoyish etish yo‘lidagi ushbu muvaffaqiyat O‘zbekiston ijodkorlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Bu hali boshlanishi.
