O‘zbekiston va Qozog‘iston yozuvchilarining “Turkiy dunyo ma’naviy merosi: adabiyot – davrlar va avlodlar muloqoti” xalqaro forumida adabiy-madaniy hamkorlikni rivojlantirish.
2026-09-03 15:25:00 / Yangiliklar
Toshkent O‘zbekiston va Qozog‘iston yozuvchilarini “Turkiy dunyo ma’naviy merosi: adabiyot – davrlar va avlodlar muloqoti” forumida birlashtirdi
Toshkentda ikki kun davom etgan “Turkiy dunyo ma’naviy merosi: adabiyot – davrlar va avlodlar muloqoti” mavzusidagi O‘zbekiston va Qozog‘iston yozuvchilarining xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki qardosh mamlakatning yozuvchi va shoirlari, adabiyotshunoslar, olimlar, tarjimonlar, madaniyat va ta’lim sohasi vakillari ishtirok etdi.
Bugun, 3-sentabr kuni poytaxtdagi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Katta zalida forumning tantanali ochilishi va yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston va Qozog‘iston adabiy muloqoti: umumiy meros, zamonaviylik va hamkorlikning yangi ufqlari” mavzusida fikr almashildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Malik Otarbayev, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Saidov, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov hamda ikki mamlakatning taniqli ijodkor va ziyolilari qatnashdi.
Ma’ruzalarda Birinchi Boku turkologiya qurultoyining tarixiy ahamiyati, Alisher Navoiy adabiy merosining umumbashariy qadri, o‘zbek va qozoq xalqlarining tarixiy-adabiy aloqalari hamda ikki mamlakat adiblarining ijodiy merosi haqida so‘z yuritildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov nutq so‘zladi.
“Keyingi yillarda O‘zbekiston va turkiy dunyo o‘rtasidagi madaniy hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.
Ayniqsa, Andijon shahrining 2026-yilda Turkiy dunyo madaniyat poytaxti deb e’lon qilingani O‘zbekistonning umumturkiy madaniy makondagi faol ishtirokining yorqin ifodasidir.
Bugungi kunda Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi bilan hamkorlikda turli loyihalar, xususan, “Turkiy xalqlar folklorlari antologiyasi” va “Turkiy meros” raqamli platformasini yaratish jarayonlari davom etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan turkiy dunyo allomalari, jumladan, Alisher Navoiy, Bobur, Fuzuliy, Nizomiy Ganjaviy, Abay, Yunus Emro va boshqa buyuk siymolar ijodini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Bu yosh avlodni adabiyotga, ma’rifatga va ezgu qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, qardosh xalqlar do‘stligini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir”, — dedi vazir Ozodbek Nazarbekov.
Tadbir yakunida Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasining "Turkiy madaniyat va meros elchisi" faxriy unvoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov, Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Malik Otarbayev, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Saidov hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimovga taqdim etildi. Unvonlar Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti — professor Aqtoti Rayimqulova topshirildi.
Forum yakunida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi uzoq muddatli adabiy va madaniy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beruvchi Toshkent deklaratsiyasi imzolandi.
Forum doirasidagi tadbirlar 2-sentabr kuni Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Karamanas qishlog‘ida boshlandi. Taniqli qozoq adibi Rahmetolla Rayimqulov nomidagi 34-sonli maktabda yangi o‘quv yilining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida maktabning yangilangan kutubxonasi va zamonaviy kovorking maydoni foydalanishga topshirildi. Forum delegatsiyalari tomonidan kutubxona fondini boyitish maqsadida badiiy va ilmiy adabiyotlar taqdim etildi.
Toshkent shahrida davom etgan forum doirasida O‘zbekiston Milliy bog‘ida Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yish marosimi o‘tkazildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Birinchi Boku turkologiya qurultoyining 100 yilligiga bag‘ishlangan arxiv fotoko‘rgazmasi, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasining nashriyot loyihalari ko‘rgazmasi hamda O‘zbekiston va Qozog‘istonda nashr etilgan kitoblar taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.
Shu bilan birga, “Turkiy dunyo adabiy hamkorligining yangi ufqlari” mavzusidagi davra suhbatida qo‘shma antologiyalar va kitob turkumlarini yaratish, tarjimonlik maktabini rivojlantirish, yosh mualliflarni qo‘llab-quvvatlash, adabiy merosni raqamlashtirish hamda madaniyat va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi, Birinchi Boku turkologiya qurultoyining 100 yilligi, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi kabi muhim sanalar nishonlanayotgan yilda o‘tkazilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
Mazkur forum ikki qardosh xalqning ko‘p asrlik adabiy va ma’naviy merosini keng targ‘ib etish, ijodiy aloqalarni mustahkamlash, o‘zaro tarjima va qo‘shma nashriyot loyihalarini rivojlantirish, shuningdek, yangi avlod vakillari o‘rtasidagi madaniy muloqotni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
