Vazir Ozodbek Nazarbekov “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirida ishtirok etdi
2026-09-02 10:30:00 / Yangiliklar

Bugun, 2-sentyabr kuni yurtimiz bo‘ylab barcha umumta’lim muassasalarida yangi — 2026/2027-o‘quv yili boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi bayrami bilan uyg‘un ravishda kechayotgan bugungi kun mamlakatimizdagi millionlab o‘quvchilar, ustoz va murabbiylar, ota-onalar uchun alohida quvonch va hayajonga boy bo‘ldi. Ayniqsa, ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘yayotgan bolajonlar uchun bu kun unutilmas voqeaga aylanmoqda.
Joriy o‘quv yilida 795 ming nafardan ortiq birinchi sinf o‘quvchisi maktabga qabul qilinib, ularning har biri yangi bilimlar olamiga yo‘l olmoqda. Qalbida orzu-umidlar, ko‘zlarida quvonch va hayajon bilan maktabga kelgan bolajonlar uchun yangi o‘quv yili hayotidagi muhim bosqichlarning boshlanishi bo‘ladi.
Shu munosabat bilan madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov poytaxtdagi 202-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib, yangi o‘quv yilini boshlayotgan o‘quvchilar, ustozlar va ota-onalar bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida bolajonlarni yangi o‘quv yili bilan tabriklab, ularga bilim olish, yangi do‘stlar orttirish va maktab hayotida faol ishtirok etishlarida omad tiladi.
Tadbirda maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan birinchi sinf o‘quvchilariga 12 nomdagi o‘quv qurollaridan iborat "Prezident sovg‘alari" to‘plamlari ham topshirildi. Mazkur sovg‘alar bolajonlarning yangi o‘quv yilini ko‘tarinki kayfiyatda boshlashlariga yanada katta quvonch bag‘ishladi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan e’tibor, maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘qituvchilar mehnatini qo‘llab-quvvatlash va yosh avlod uchun munosib ta’lim sharoitlarini yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, 2026/2027-o‘quv yilida mamlakatimizdagi mavjud 10 225 ta umumta’lim maktabida 550 ming nafardan ortiq o‘qituvchi 6,7 million nafardan ziyod o‘quvchiga ta’lim-tarbiya beradi.
Yangi o‘quv yilining ilk kuni yurtimizning barcha hududlarida bayramona ruhda o‘tmoqda. Maktablarda "Birinchi qo‘ng‘iroq" tadbirlari, tantanali uchrashuvlar va turli ma’rifiy dasturlar tashkil etilmoqda.
Yangi o‘quv yili barcha o‘quvchilar uchun ulkan yutuqlar, yangi bilim va marralar yili bo‘lishi tilab qolinadi.
Jarayonlar davom etmoqda.






