O‘zbekiston delegatsiyasining Xitoyga xizmat safari yakunlandi
2026-08-30 13:00:00 / Yangiliklar

Avval xabar berilganidek, vazirning birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safari bilan bo‘lib qaytdi.
Tashrif davomida Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri o‘rinbosari Lu Inchuan bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish, mavjud aloqalarni mustahkamlash hamda yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, o‘zaro asosda madaniyat markazlarini tashkil etish, uch yillik hamkorlik dasturini ishlab chiqish, shuningdek, joriy yilda Xitoyda O‘zbekiston madaniyati kunlarini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, xizmat safari doirasida Xitoyning teatr va sahna san’ati sohasidagi tajribasi o‘rganildi. Jumladan, Pekin shahridagi Xitoy Milliy opera teatriga tashrif buyurilib, teatr faoliyati, ijodiy jarayonlar va zamonaviy boshqaruv yondashuvlari bilan yaqindan tanishildi.
Tashrif davomida O‘zbekiston va Xitoy teatrlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, ijodiy jamoalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Umuman, xizmat safari yakunlari ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirish, soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashinuvini kuchaytirish hamda yangi madaniy loyihalarni amalga oshirish uchun muhim qadam bo‘ldi.



