O‘zbekiston vakili Serbiya vaziri bilan uchrashdi
2026-08-29 19:00:00 / Yangiliklar
Belgrad shahrida O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi madaniy-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, EXPO 2027 xalqaro ko‘rgazmasida O‘zbekistonning munosib ishtirokini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Belgrad shahrida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri maslahatchisi Shoxrux Akbarov Serbiyaning Ichki va tashqi savdo vaziri, EXPO 2027 komissari Yagoda Lazarevich bilan uchrashdi.
Muloqot davomida O‘zbekistonning EXPO 2027 Belgrad xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasidagi ishtiroki, mamlakat milliy pavilonini tashkil etish va uning konsepsiyasini ishlab chiqish, shuningdek, ko‘rgazma doirasida madaniy hamda iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning xalqaro ko‘rgazmada milliy madaniyati, tarixiy va zamonaviy taraqqiyot yutuqlari, turizm salohiyati hamda ijodiy industriyasini keng namoyish etish imkoniyatlari haqida fikr almashildi. Milliy pavilon orqali O‘zbekistonning boy madaniy merosi bilan bir qatorda, mamlakatning innovatsion salohiyati va xalqaro hamkorlikka ochiqligini namoyish etish muhim ekani qayd etildi.
Shuningdek, EXPO 2027 doirasida O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi madaniy almashinuvni kengaytirish, ijodiy jamoalar va san’atkorlar ishtirokida turli tadbirlar tashkil etish, ko‘rgazma kunlari davomida madaniy dasturlarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar xalqaro ko‘rgazma ikki mamlakatning iqtisodiy va madaniy salohiyatini keng targ‘ib qilish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladilar.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada mustahkamlash, mavjud hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish hamda EXPO 2027 doirasidagi qo‘shma tashabbuslarni samarali amalga oshirish borasida fikrlar mushtarakligi bildirildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar EXPO 2027ga tayyorgarlik jarayonida o‘zaro hamkorlikni davom ettirish, tegishli yo‘nalishlarda muntazam maslahatlashuvlar olib borish va kelishilgan masalalar bo‘yicha amaliy ishlarni jadallashtirishga kelishib oldilar.
