Madaniyat vazirligi delegatsiyasi xizmat safari bilan Xitoyda bo'lib turibdi
2026-08-29 18:00:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida xizmat safarini davom ettirmoqda.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolarining dastlabki manzili Xitoy xalqaro yoshlar almashinuvi markazi bo‘ldi. Tashrif davomida markazning faoliyati, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari, yoshlar o‘rtasida madaniy almashinuvni rivojlantirishga qaratilgan loyihalari hamda amalga oshirilayotgan tashabbuslar bilan yaqindan tanishildi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari markaz rahbari Lyu Aypin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, xususan, yoshlar o‘rtasida madaniy almashinuvni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda ikki mamlakatning yosh ijodkorlari, san’at va madaniyat sohasi vakillari ishtirokida qo‘shma tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, ko‘rgazmalar, mahorat darslari hamda turli madaniy loyihalarni amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar yoshlar almashinuvi orqali ikki xalqning boy madaniy merosi, an’analari va zamonaviy ijodiy salohiyatini o‘zaro targ‘ib qilish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar. Shu bilan birga, kelgusida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash, qo‘shma loyihalarni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish va yoshlar uchun xalqaro madaniy platformalarni kengaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Uchrashuv yakunida Xitoy xalqaro yoshlar almashinuvi markazi bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va istiqbolli madaniy loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishib olindi.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, yoshlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash hamda ikki mamlakatning ijodiy salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
