“Mening O‘zbekistonim” fototanlovi e’lon qilinadi
2026-08-26 09:35:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Madaniyat vazirligi tomonidan joriy yilning 27-avgustdan 5-sentyabrga qadar “Mening O‘zbekistonim” fototanlovi tashkil etilmoqda.
Mazkur fototanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonning betakror tabiati, tarixiy va zamonaviy qiyofasi, milliy qadriyatlari, madaniy merosi, bunyodkorlik jarayonlari hamda xalqimizning hayotini fotosan’at vositasida keng namoyon etish, Vatanga muhabbat va daxldorlik tuyg‘ularini targ‘ib qilishdan iborat bo‘lib, g‘oliblar quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha aniqlanadi:
“O‘zbekiston — mening nigohimda” — 7 000 000 so‘m;
“Vatan ranglari” — 5 000 000 so‘m;
“Eng yaxshi ijodiy kadr” — 3 000 000 so‘m.
Tanlov hay’ati tomonidan fotosuratlarning mazmuni, badiiy saviyasi, kompozitsiyasi, o‘ziga xosligi hamda mavzuni ochib berish darajasi asosida baholash amalga oshiriladi.
Tanlovga quyidagi mavzulardagi fotosuratlar qabul qilinadi:
• Yangi O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi va bunyodkorlik jarayonlari;
• tarixiy obidalar va madaniy meros maskanlari;
• O‘zbekistonning tabiati va betakror manzaralari;
• milliy urf-odatlar, an’analar va qadriyatlar;
• madaniyat va san’at jarayonlari;
• xalqimizning kundalik hayoti va samimiy lahzalari;
• Vatanga muhabbat, daxldorlik va faxr tuyg‘usini ifodalovchi ijodiy kadrlar.
Fotosuratlarga qo‘yiladigan asosiy talablar:
— JPG yoki JPEG formatida, yuqori sifatli bo‘lishi;
— kamida 3000 × 2000 piksel o‘lchamda bo‘lishi;
— fayl hajmi 20 MBdan oshmasligi;
— ishtirokchining o‘zi tomonidan suratga olingan original ijodiy ish bo‘lishi;
— mualliflik belgisi, logotip, sana yoki boshqa yozuvlardan xoli bo‘lishi;
— fotosurat mazmunini o‘zgartiradigan darajadagi sun’iy montaj va manipulyatsiyalardan xoli bo‘lishi;
— sun’iy intellekt vositalari yordamida yaratilmagan bo‘lishi;
— ilgari boshqa tanlovlarda g‘olib deb topilmagan bo‘lishi lozim.
Rang, yorqinlik, kontrast, ekspozitsiya va kadrni kesish kabi oddiy fotografik ishlovlarga ruxsat etiladi.
Har bir ishtirokchi tanlovga 3 tagacha fotosurat taqdim etishi mumkin.
Fotosurat bilan birga quyidagi ma’lumotlar taqdim etiladi:
• muallifning F.I.Sh.;
• telefon raqami;
• fotosurat nomi;
• suratga olingan joy va sana;
• fotosurat haqida 2–3 jumladan iborat qisqa izoh.
Fotosuratlarni yuborish manzili: @meningozbekistonimbot
Tanlov yakunlariga ko‘ra saralangan eng yaxshi ijodiy ishlar asosida “Mening O‘zbekistonim” fotoko‘rgazmasi tashkil etiladi.
O‘zbekistonni o‘z nigohingiz bilan namoyon eting!
