Andijon viloyati ijodiy jamoasi Anqaradagi festivalda ham faol ishtirok etdi
2026-08-17 09:40:00 / Yangiliklar

Turkiyaning Anqara shahri Kechio‘ren tumanida III Xalqaro turkiy dunyo festivali bo‘lib o‘tdi. TURKSOY va Kechio‘ren tumani hokimligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur nufuzli tadbirda, avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston nomidan Andijon viloyati ijodiy jamoasi qatnashdi.
Shuningdek, oziga xos do‘stlik bayramida Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirgiz, Turkmaniston va turkiy dunyoning boshqa hududlaridan tashrif buyurgan jamoalar o‘z dasturlarini namoyish qildi.
Mazkur festivalning nufuzi ham, unga bo‘lgan qiziqish ham tobora ortib bormoqda. Bunga yildan-yilga tomoshabinlar safi kengayib borayotgani yorqin misol bo‘la oladi. Bu galgi tadbirlarni ham rasmiy doiralar, diplomatik korpus, minglab mahalliy aholi vakillari, sayyohlar katta qiziqish bilan kuzatdi.
Tadbir doirasida an’anaviy raqslar, qo‘shiqlar ijro qilinib, ko‘rgazmalar, badiiy va hujjatli filmlar namoyish etildi.
O‘zbekiston vakillarining chiqishi oldidan Andijon viloyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish qilindi. Gap shundaki, “Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilingan. Videorolikda aynan Andijon timsolida o‘zbek madaniyati, qadriyatlari, mamlakatimizning go‘zal tabiati, diqqatga sazovor joylari, sayyohlik salohiyati ko‘rsatildi. Bu ham tomoshabinlarning alohida e’tiborini tortdi.
O‘zbekiston davlat filarmoniyasi Andijon viloyati bo‘limi xonandalari, raqqos va raqqosalari, Andijon viloyati musiqali drama teatri aktyorlari, hududdagi bir qator ta’lim muassasalari vakillaridan iborat ijodiy jamoa ijro qilgan kuy-qo‘shiqlar, raqslar ham olqishlar bilan kutib olindi. Boshqacha aytganda, O‘zbekiston vakillarining chiqishi Turkiy dunyo madaniyat poytaxtining o‘ziga xos taqdimotiga aylandi.
Festival yakunlari bo‘yicha TURKSOY Bosh kotibiyati binosida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ijodiy delegatsiyalarga faol ishtiroki uchun samimiy minnatdorlik bildirilib, TURKSOY Bosh kotibi o‘rinbosari Sayit Yusuf tomonidan tashakkurnomalar topshirildi. Andijon viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Marhaboxon Sattarova boshchiligida ijodiy jamoa ham alohida e’tirof etildi.
Eslatib o‘tamiz, Andijon viloyati ijodiy jamoasi bundan avval Turkiyaning Karaman shahrida o‘z dasturini taqdim etgan edi.




