Turkiy dunyo yozuvchilari Andijonda uchrashdi
2026-08-24 10:45:00 / Yangiliklar

“Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti”, deb e’lon qilingani munosabati bilan joriy yilda bir qator tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, TURKSOY Yozuvchilar uyushmasining yig‘ilishi va “2026-yil – Ziyo Ko‘kalp yili”ga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv shular sirasiga kiradi.
TURKSOY, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Andijon viloyati hokimligi hamkorligida har ikki tadbir juda yuqori saviyada o‘tkazildi.
Andijon viloyati hokimligi binosida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo olib bordi. Unda TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi raisi Ulug‘bek Eshdaulet, O‘zbekistonning TURKSOYdagi vakili Shavkat Ortiqov, TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi koordinatori Murod Qahramon, Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasi raisi Qanibek Imanaliev, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi faxriy raisi Musa Kazim Arijan, Turkiya Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Enes Kala, Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Salim Babullaog‘li, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Kulbek Ergebek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid hamda uyushma mas’ullari, yurtimizning taniqli shoir va yozuvchilari, Turkmaniston Madaniyat vazirligi vakili Akmurat Rejepov, Andijon viloyati hokimligi vakili Elyorbek Xolmirzayev, Andijon viloyati Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Marhabo Sattorova ishtirok etdi.
Yig‘ilishda turkiy dunyoning umumiy adabiy qarashlarini mustahkamlash, hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi. Kun tartibidan a’zo mamlakatlar yozuvchilar uyushmalari o‘rtasida barqaror hamkorlik mexanizmlarini yaratish, qo‘shma nashrlar va tarjima loyihalarini amalga oshirish, umumiy antologiyalar tayyorlash, yosh ijodkorlar uchun almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda xalqaro adabiyot festivallarini o‘tkazish kabi qator tashabbuslar ilgari surildi.
Shuningdek, sun’iy intellekt va raqamli adabiyot, raqamli transformatsiyaning adabiyotga ta’siri, xususan, sun’iy intellekt texnologiyalarining yozuvchilik, tarjima va nashriyot sohalarida yaratgan imkoniyatlari bilan birga yuzaga kelayotgan muammolar ko‘rib chiqildi.
Ishtirokchilar 2027-yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlarga alohida e’tibor qaratib, qator takliflarini bildirdilar. Masalan, turkiy dunyo ijodkorlarini rag‘batlantirish maqsadida TURKSOYning Xalqaro adabiyot mukofotini ta’sis etish taklifi ilgari surildi. Bu taklif TURKSOY Doimiy kengashiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etilishi ma’lum qilindi.
Ma’lumot o‘rnida: TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi 2023-yilda Turkiyaning Anqara shahrida joylashgan TURKSOY Bosh qarorgohida O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va Yevroosiyo yozuvchilar uyushmalari raislari ishtirokida tashkil etilgan. Uyushma turkiy dunyoda adabiyot sohasida faoliyat yuritayotgan yozuvchilar uyushmalarini yagona tuzilma atrofida birlashtirish, qo‘shma loyihalar va tadbirlarni tashkil etish, adabiyot orqali madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida tuzilgan.
TURKSOY Doimiy kengashining qarori bilan Turkiyaning buyuk mutafakkiri, ma’rifatparvari va yozuvchisi Ziyo Ko‘kalp tavalludining 150 yilligi munosabati bilan 2026-yil turkiy dunyoda “Ziyo Ko‘kalp yili” deb e’lon qilingan.
Shu munosabat bilan TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi yig‘ilishi doirasida Andijon davlat tibbiyot instituti binosida Ziyo Ko‘kalp xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi a’zolari hamda O‘zbekistonning turli hududlaridan tashrif buyurgan ijodkor ziyolilar ishtirok etdi.
Ziyo Ko‘kalp (asl ismi Mehmet Ziyo, 1876-yil 23-martda Turkiyaning Diyorbakir shahrida tug‘ilgan, 1924-yil 25 oktabrda Istanbulda vafot etgan) zamonaviy turk milliy tafakkurining shakllanishiga katta hissa qo‘shgan ziyolilardan biri hisoblanadi.
Ma’ruzalarda Ziyo Ko‘kalp g‘oyalarining bugungi turkiy dunyo uchun ahamiyati, madaniy birlik tushunchasi, umumiy tarix va umumiy o‘zlikni shakllantirishdagi o‘rni hamda turkiy xalqlar o‘rtasidagi madaniy birdamlikka qo‘shgan hissasi atroflicha tahlil qilindi.
Xalqaro tadbirlar doirasida ishtirokchilar Andijonning tarixiy va madaniy maskanlarida ham bo‘lib, hududning boy merosi bilan yaqindan tanishdilar. Jumladan, Devonaboy masjidi, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi bog‘ hamda Bobur va jahon madaniyati muzeyini ziyorat qilib Bobur haykali poyiga gul qo‘yishdi.
Mehmonlarga turkiy dunyo tarixi va madaniyatida o‘chmas iz qoldirgan Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi, Andijonning tarixi, madaniy qadriyatlari, buyuk siymolari haqida so‘zlab berildi.
Mehmonlar shaharning turkiy dunyo umumiy madaniy merosidagi o‘rni qanchalik muhim ekaniga yana bir bor amin bo‘ldilar.









