Buxoroda madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan sayyor qabul o‘tkazildi
2026-08-23 09:10:00 / Yangiliklar

22-avgust kuni madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayevning Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida madaniyat va san’at sohasi xodimlari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda soha vakillarining kasbiy faoliyati, mehnat va ijodiy sharoitlari, mavjud muammolari hamda madaniyat va san’atni yanada rivojlantirishga qaratilgan takliflari tinglandi.
Murojaatlar davomida xususiy teatrlar tashkil etish, ijodkorlarni imtiyozli uy-joy bilan ta’minlash, xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tahsil olgan mutaxassislarning diplomlarini nostrifikatsiya qilish, badiiy havaskorlik jamoalariga “Xalq havaskorlik jamoasi” unvonini berish, shuningdek, bolalar musiqa va san’at maktablarini umumiy o‘rta ta’lim maktablari bilan integratsiya qilish kabi qator masalalar ko‘tarildi.
Shuningdek, madaniyat muassasalari faoliyatini takomillashtirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ijodkorlar uchun munosib shart-sharoitlar yaratish hamda sohada mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflar bildirildi.
Qabul davomida yechimi joyida mavjud bo‘lgan masalalar ijobiy hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha mas’ul tashkilot va mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi. Ayrim masalalar yuzasidan murojaat egalariga amaldagi qonunchilik talablari asosida huquqiy tushuntirishlar berildi.
Ko‘tarilgan masalalarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqish, ularning ijrosini ta’minlash hamda natijalari yuzasidan tegishli choralar ko‘rish bo‘yicha mas’ullarga vazifalar yuklatildi.
Sayyor qabul madaniyat va san’at sohasi xodimlarining murojaatlarini o‘rganish, mavjud muammolarga amaliy yechim topish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va sohani yanada rivojlantirishga xizmat qildi.



