Toshkentda madaniyat va san’at sohasidagi islohotlar muhokama qilinib, yangi rahbarlar tayinlandi.
2026-08-21 16:25:00 / Yangiliklar
Bugun, 21-avgust kuni madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Toshkent shahrida madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, sohadagi islohotlarning ijrosi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan soha vakillari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda tashkiliy masalalar bilan bir qatorda, Toshkent shahrida madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyatini soha xodimlariga yetkazish hamda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Toshkent shahar hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Azizxon Shovkatov, Madaniyat vazirligi markaziy apparati rahbarlari, shuningdek, Toshkent shahrida madaniyat va san’at sohasiga mas’ul rahbar va xodimlar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov sohada so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga to‘xtalib, bu borada Prezidentimiz tomonidan madaniyat va san’at sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor alohida ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Xususan, 2026-yil 21-apreldagi 150-son qaror hamda 2-iyunda qabul qilingan 103-son Farmon asosida sohada mutlaqo yangi yondashuvlar joriy etilayotgani qayd etildi.
Mazkur hujjatlar doirasida madaniyat markazlari faoliyati transformatsiya qilingani, sohaga tadbirkorlarni jalb etish maqsadida qator imtiyozlar joriy etilgani, madaniyat, san’at va adabiyot yo‘nalishlarida 21 ta ijodiy birlashma faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi.
Shuningdek, bolalar musiqa maktablari o‘qituvchilarining oylik ish haqi umumta’lim maktablari o‘qituvchilari maoshiga tenglashtirilgani, sohada 16 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internat va 3 ta oliy maktab tashkil etilgani, ijodkor yoshlar hamda ustozlarni moliyaviy rag‘batlantirishning aniq mexanizmlari yaratilgani, uy-joy, ijara haqi, davolanish va tibbiy sug‘urta masalalarida qator imtiyozlar belgilangani qayd etildi.
Vazir, shu bilan birga, sohada amalga oshirilayotgan islohotlardan samarali foydalanish va ularni amaliyotga to‘g‘ri tatbiq etish har bir rahbar va xodimning asosiy vazifasi ekanini ta’kidladi.
“Bizga berilgan imkoniyat va imtiyozlar juda ko‘p. Lekin meni bir savol qiynaydi: biz bugungi islohotlarga qanday javob qaytaryapmiz? Qabul qilinayotgan hujjatlarni Toshkent shahar xodimlari to‘liq tushunyaptimi, his qilyaptimi va anglab yetyaptimi? Prezidentimiz biz uchun kurashyaptilar. Biz buni tushunyapmizmi? “ — dedi vazir Ozodbek Nazarbekov.
Yig‘ilishda Toshkent shahrida sohadagi islohotlarga munosabat va ularning ijrosi yetarli darajada emasligi tanqidiy-tahliliy nuqtayi nazardan muhokama qilindi.
Vazir 150-son qaror va 103-son Farmon mazmun-mohiyatini har bir soha xodimi chuqur bilishi, ularda belgilangan vazifalarni to‘liq anglashi va amaliyotga samarali tatbiq etishi zarurligini qayd etdi.
Shuningdek, Toshkent shahrida belgilangan islohotlarni sifatli va samarali amalga oshirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda sohada yangi bosqichni ta’minlash maqsadida kadrlar masalasi ko‘rib chiqildi.
Tashkiliy masalalar doirasida Baxromov Bekzod Baxrom o‘g‘li Toshkent shahar madaniyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Shuningdek, xalqimizning sevimli so‘z ustasi Israilov Shukurullo Axmadkulovich Toshkent shahar madaniyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Ma’lumot o‘rnida: tayinlovga qadar Baxromov Bekzod Baxrom o‘g‘li Toshkent shahar madaniyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Isroilov Shukurillo Axmadkulovich esa “O‘zbekkonsert” davlat muassasasida badiiy so‘z ustasi lavozimida faoliyat yuritayotgan edi.
Yangi tayinlangan rahbarlarga kelgusidagi mas’uliyatli faoliyatida ulkan zafarlar tilab, ular zimmasiga sohada belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish, islohotlarning mazmun-mohiyatini har bir xodimga yetkazish hamda natijadorlikni ta’minlash bo‘yicha muhim vazifalar yuklatildi.
Yig‘ilish yakunida Toshkent shahri yil yakuniga qadar barcha yo‘nalishlar bo‘yicha namunali ko‘rsatkichlarga erishishi shartligi ta’kidlandi. Buning uchun poytaxtda barcha imkoniyat va resurslar yetarli ekani qayd etilib, belgilangan vazifalarni sifatli bajarish borasida yangi tayinlangan rahbarlar va soha vakillariga ishonch bildirildi.
Madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni poytaxtda samarali tatbiq etish, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalarni so‘zsiz va sifatli bajarish hamda Toshkent shahrini sohada namuna ko‘rsatuvchi hududga aylantirish yig‘ilishning asosiy maqsadi sifatida belgilab olindi.
