Botir Zokirov nomidagi davlat stipendiyasining ilk g‘oliblari taqdirlandi
2026-08-21 10:15:00 / Yangiliklar

Avval xabar berilganidek, kuni kecha Madaniyat vazirligi tizimidagi ta’lim tashkilotlarining Respublika kengashi bo‘lib o‘tgan edi.
Kengash doirasida Botir Zokirov nomidagi davlat stipendiyasining ilk g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Mazkur davlat stipendiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-iyuldagi PQ-230-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 3-noyabrdagi 690-son qaroriga muvofiq ta’sis etilgan bo‘lib, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda san’at sohasidagi izlanish va yutuqlarini munosib rag‘batlantirishga qaratilgan.
Tanlov yakuniga ko‘ra, quyidagi 6 nafar talaba Botir Zokirov nomidagi davlat stipendiyasining ilk g‘oliblari deb topildi:
-
Mustarov Muzrob Sherzodovich — Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti 4-bosqich talabasi, Estrada xonandaligi;
-
Nazarov Akramjon Abdulhakim o‘g‘li — Farg‘ona davlat universiteti 3-bosqich talabasi, Vokal san’ati;
-
Yermakova Melaniya Aleksandrovna — Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti 3-bosqich talabasi, Estrada cholg‘u ijrochiligi;
-
Erdashbayeva Sevara Shuxratovna — O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali 4-bosqich talabasi, Cholg‘u ijrochiligi;
-
Chamanova Gulshoda Abduraxmon qizi — Qarshi davlat universiteti 3-bosqich talabasi, San’atshunoslik;
-
Abdukarimov Javohir Sobirjon o‘g‘li — Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada san’ati instituti 4-bosqich talabasi, Texnogen san’at (musiqiy ovoz rejissyorligi).
Tantanali marosimda stipendiyaning ilk sohiblariga madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev hamda vazir o‘rinbosari Sanjar Bobojonov tomonidan diplom va mukofotlar topshirildi.
Yosh ijodkorlarni ushbu yuksak e’tirof bilan muborakbod etamiz va ularga kelgusi ijodiy faoliyatida yangi zafarlar tilaymiz!






