#Madaniyat_kunlari
2026-08-20 16:00:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston madaniyati — Koreyada!
Joriy yilning 14–21-sentyabr kunlari Koreya Respublikasining Kochxan, Boryon, Seul, Chondju, Andon va Sunchxon shaharlarida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbirlari bo‘lib o‘tadi.
Dastur doirasida:
- 14-sentyabr kuni — Kochxanda “Gochang Cultural Center” majmuasida “O‘zbek madaniyat fasllari” simfonik konsert dasturi;
- 15-sentyabr kuni — Boryonda “Boryeong Culture and Arts Center” majmuasida “O‘zbek madaniyat fasllari” simfonik konsert dasturi;
- 16-17-sentyabr kunlari — Seulda “Sejong Art Center”ning “Grand Theater” konsert zalida “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ning tantanali ochilish marosimi va konsert dasturi, “O‘zbek madaniyat fasllari” foto va milliy liboslar ko‘rgazmasi, shuningdek, “O‘zbekiston va Koreya madaniyat sohasining yangi bosqichlari” mavzusida madaniyat vazirlarining hamkorlik uchrashuvi;
- 18-sentyabr kuni — Chondjuda “Korean Traditional Music Center” “O‘zbek madaniyat fasllari” majmuasida simfonik konsert dasturi;
- 19-sentyabr kuni — Andonda “Andong Art Center” majmuasida “O‘zbek madaniyat fasllari” simfonik konsert dasturi;
- 21-sentyabr kuni — Sunchxonda “Suncheon Cultural Center” majmuasida “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ning tantanali yopilish marosimi va konsert dasturi bo‘lib o‘tadi.
“O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbirlarida O‘zbekistonning taniqli san’atkorlari Koreya Respublikasining sahnalarida o‘zbek madaniyati va san’atini namoyish etishadi.
Madaniy dasturlarda O‘zbekiston xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Zulayxo Boyxonova, Kamoliddin O‘rinboyev va Aygul Nodirova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ozoda Nursaidova, Munisa Rizayeva va Gulmira Madraximova, shuningdek, taniqli xonandalar Xulkar Abdullayeva, Jasmin va Ulug‘bek Yo‘lchiyev ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, tadbirlarda O‘zbekiston davlat simfonik orkestri, “Navbahor” raqs ansambli, maqom va opera san’ati xonandalari, milliy hunarmandchilik va ko‘rgazma ustalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.
“O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida o‘zbek simfonik musiqasi, milliy raqs, maqom va opera san’ati, zamonaviy estrada, milliy liboslar va hunarmandchilik namunalari Koreya jamoatchiligiga taqdim etiladi.
Mazkur tadbirlar O‘zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish, ijodiy aloqalarni mustahkamlash, milliy san’atimizni xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish hamda ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
