“Botir Zokirov” badiiy filmini yaratish mas’uliyati
2026-08-20 12:30:00 / Yangiliklar

Bugun Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari – Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov O‘zbekiston xalq artisti, “Yalla” ansambli badiiy rahbari Farruh Zokirov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Hurmatli Prezidentimiz topshirig‘i asosida yaratilayotgan buyuk san’atkor Botir Zokirov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan badiiy film loyihasi muhokama qilindi.
Bunday filmlarni oddiy kino loyihasi sifatida emas, milliy kinoimizning katta voqeasi va xalqaro miqyosdagi yirik loyiha sifatida ko‘rishimiz kerak. Buyuk shaxslarimiz haqida film yaratish — katta mas’uliyat. Unda yuksak professionalizm, kuchli dramaturgiya, rejissura va aktyorlik maktabi uyg‘unlashishi lozim.
“Botir Zokirov” filmi, avvalo, xalqimizga manzur bo‘ladigan, shu bilan birga, xalqaro tomoshabin e’tirofiga sazovor bo‘ladigan katta va sifatli milliy kino asari bo‘lishi kerak.
Uchrashuvda filmni aynan shu yondashuv asosida yaratish, Botir Zokirov siymosini munosib aks ettirish va uning buyuk ijodiy merosini kelajak avlodlarga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.



