“Bizning merosimiz” — ECO xalqaro mobil fotografiya festivali
2026-08-17 14:00:00 / Yangiliklar
Festival mavzusi: “Merosni avloddan avlodga yetkazish”
ECO Madaniyat Instituti (ECI) “Bizning merosimiz” (“Our Heritage”) xalqaro mobil fotografiya festivalini e’lon qiladi.
Festivalning asosiy mavzusi — “Merosni avloddan avlodga yetkazish” . Tanlov ishtirokchilarni madaniy meros, an’anaviy bilim, ko‘nikma, urf-odat va qadriyatlarning bir avloddan keyingi avlodga o‘tishi aks etgan haqiqiy hayotiy lahzalarni mobil telefon kamerasi orqali hujjatlashtirishga taklif etadi.
Festival doirasida nimalarni suratga olish mumkin?
- Ishtirokchilar quyidagi kabi jarayonlarni aks ettirishlari mumkin:
- an’anaviy hunarmandchilikni o‘rgatish — gilam to‘qish, kashtachilik, kulolchilik va boshqalar;
- an’anaviy musiqa va xalq kuylarini avloddan avlodga yetkazish;
- marosimlar, urf-odatlar, an’analar va an’anaviy amaliyotlar;
- an’anaviy dehqonchilik, chorvachilik va kasb-hunarga oid bilimlarni o‘tkazish;
- hikoyachilik, xalq og‘zaki ijodi, she’riyat va og‘zaki an’analar;
madaniy merosning avlodlar o‘rtasida uzatilishini aks ettiruvchi boshqa haqiqiy holatlar.
Muhim: taqdim etiladigan barcha materiallar ingliz tilida bo‘lishi kerak.
Kimlar ishtirok etishi mumkin?
Tanlovda quyidagi ECOga a’zo davlatlar fuqarolari ishtirok etishi mumkin:
- Afg‘oniston, Ozarbayjon, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va O‘zbekiston.
Shuningdek:
- professional va havaskor fotograflar ishtirok etishi mumkin;
- fotografiya sohasida avvalgi tajriba talab etilmaydi;
- har bir ishtirokchi ko‘pi bilan 3 ta fotosurat taqdim etishi mumkin;
- har bir fotosurat alohida baholanadi;
ishtirokchi kamida 15 yoshda bo‘lishi kerak.
Fotosuratlarni taqdim etish ishlarni quyidagi usullardan biri orqali yuborish mumkin:
Elektron pochta: festival@ecieco.org
Onlayn topshirish: www.ecieco.org
Har bir fotosurat bilan quyidagi ma’lumotlar taqdim etiladi:
- to‘liq ism-familiya;
- fuqarolik;
- yashash mamlakati;
- yashash shahri;
- elektron pochta manzili;
- telefon raqami;
- fotosurat nomi — ingliz tilida;
- fotosuratning qisqacha tavsifi — ingliz tilida, 100 so‘zdan oshmagan holda;
- fotosurat olingan joy va sana.
Texnik talablar:
- Fotosuratlar faqat mobil telefon kamerasi yordamida olingan bo‘lishi shart.
- Quyidagi qurilmalarda olingan fotosuratlar qabul qilinmaydi:
- DSLR kameralar;
- mirrorless kameralar;
- kompakt kameralar;
- action-kameralar;
- dronlar;
- mobil telefondan boshqa har qanday qurilma.
Fayllarga qo‘yiladigan talablar:
- format: JPEG yoki PNG;
- tasvirning eng qisqa tomoni — kamida 2000 piksel;
- fayl hajmi — 10 MBdan oshmasligi kerak;
- watermark, imzo, logotip yoki matn bo‘lmasligi lozim.
Fotosuratlarni tahrirlash:
Ekspozisiya, yorqinlik, kontrast, oq balans, ranglarni to‘g‘rilash, aniqlikni oshirish, shovqinni kamaytirish va kadrni qirqish kabi yengil umumiy tahrirlarga ruxsat etiladi.
Biroq tahrir fotosuratdagi voqelik mazmunini o‘zgartirmasligi kerak.
Fotosuratdagi ob’yektlarni olib tashlash, boshqa joyga ko‘chirish yoki yangi ob’yektlar qo‘shish taqiqlanadi.
Mobil telefonning suratga olish vaqtida avtomatik qo‘llaydigan standart hisoblash fotografiyasi funksiyalari — masalan, HDR, tungi rejim yoki portret rejimi — ruxsat etilgan.
Fotosurat olinganidan keyin tasvir mazmunini yaratish, olib tashlash yoki o‘zgartirish uchun AI vositalaridan foydalanish taqiqlanadi.
Kompozit tasvirlar va fotosuratning dastlabki mazmunini o‘zgartiradigan har qanday tahrirlash qabul qilinmaydi.
Muhim eslatma
Fotosuratlar festival mavzusiga mos kelishi va real hayotdagi haqiqiy vaziyatlarni ishonchli aks ettirishi shart.
Quyidagi ishlar tanlovdan chetlatiladi:
- festival mavzusiga mos kelmaydigan;
- texnik talablarga javob bermaydigan;
- sahnalashtirilgan, pozaga qo‘yilgan yoki qayta ijro etilgan holatlarni aks ettiruvchi;
- AI yordamida yaratilgan yoki mazmuni sezilarli darajada AI orqali o‘zgartirilgan;
- mobil telefondan boshqa qurilmada olingan;
- zo‘ravonlik, haqorat, kamsitish yoki madaniy jihatdan nomaqbul mazmunni aks ettiruvchi;
- amaldagi qonunchilik yoki ECOga a’zo davlatlarning madaniy qadriyatlariga zid bo‘lgan ishlar.
Shuningdek, avval xalqaro fotografiya tanlovlarida mukofot olgan fotosuratlar ushbu tanlovga taqdim etilmaydi.
Intellektual mulk va ishtirokchining mas’uliyati
Taqdim etilgan barcha fotosuratlarga bo‘lgan mualliflik huquqi ularning muallifida saqlanib qoladi.
Ishtirokchi fotosurat muallifi aynan o‘zi ekanini tasdiqlaydi. Fotosuratda tanib olinadigan shaxslar, xususan, voyaga yetmaganlar mavjud bo‘lsa, qonunchilikda talab etilgan hollarda zarur rozilik va ruxsatnomalar olingan bo‘lishi shart.
Mualliflik huquqi, shaxsiy hayot daxlsizligi yoki uchinchi shaxslarning huquqlari bilan bog‘liq har qanday da’volar uchun ishtirokchi javobgar hisoblanadi.
Festival Kotibiyati tanlab olingan fotosuratlardan madaniy, ta’limiy, ilmiy-tadqiqot va targ‘ibot maqsadlarida, notijorat asosda, qo‘shimcha haq to‘lamasdan va muallif hamda uning mamlakati ko‘rsatilgan holda foydalanishi mumkin.
Festival Kotibiyati zarur hollarda fotosuratning asl fayli, EXIF ma’lumotlari yoki uning haqiqiyligini tasdiqlovchi boshqa materiallarni so‘rashi mumkin.
Axloqiy me’yorlar
Fotosuratga olish jarayonida ishtirokchilar:
- insonlarga;
- hayvonlarga;
- madaniy meros ob’yektlariga;
- atrof-muhitga
zarar yetkazmasliklari shart.
Fotosuratlar real hayotdagi vaziyatlarni hurmat bilan va xolis aks ettirishi kerak.
Festival maqsadlari:
- Festival quyidagi maqsadlarga xizmat qiladi:
- ECOga a’zo davlatlar o‘rtasidagi umumiy madaniy o‘zlikni mustahkamlash;
- yo‘qolib ketish xavfi ostidagi nomoddiy madaniy merosni hujjatlashtirish;
- ECO davlatlari xalqlari o‘rtasida madaniy almashinuvni rivojlantirish;
- mintaqamiz madaniyatini xalqaro auditoriyaga tanitish;
yosh avlodni o‘z mahalliy madaniy merosini hujjatlashtirish va asrab-avaylashga rag‘batlantirish.
Merosni suratga oling. Hikoyani dunyoga yetkazing!
O‘zingiz yashab turgan hududda avloddan avlodga o‘tib kelayotgan an’ana, hunar, bilim yoki qadriyatni mobil telefoningiz orqali hujjatlashtiring va “Our Heritage” xalqaro fotografiya festivalida ishtirok eting.
Ishlarni qabul qilish:
📧 festival@ecieco.org
🌐 www.ecieco.org
Eslatma: Tanlovda ishtirok etish, ishlarni baholash va g‘oliblarni aniqlash bo‘yicha Hakamlar hay’ati hamda Festival Kotibiyati qarorlari yakuniy va majburiy hisoblanadi.
EciEco
ECO Cultural Institute
