Madaniyat vazirligida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi
2026-08-12 11:45:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Madaniyat vazirligi markaziy apparati xodimlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Intellektual bellashuvda vazirlik markaziy apparatining o‘yinda ishtirok etish istagini bildirgan xodimlaridan shakllantirilgan 5 ta jamoa ishtirok etdi. Har bir jamoa 5 nafardan ishtirokchidan iborat bo‘lib, jamoalar tarkibi qur’a tashlash yo‘li bilan aniqlandi.
Qiziqarli va murosasiz kechgan bellashuv davomida jamoalar o‘zlarining bilim, mantiqiy fikrlash va tezkor qaror qabul qilish qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, eng yuqori ballni to‘plagan III guruh “Zakovat” intellektual o‘yinining g‘olibi deb topildi. O‘yin nizomiga muvofiq, bellashuvda faqat eng yuqori natijani qayd etgan bitta jamoa g‘olib deb topildi.
G‘olib jamoa Davlat mustaqilligining 35 yilligi bayrami arafasida vazirlik rahbariyati tomonidan sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Mazkur intellektual o‘yin vazirlik xodimlari o‘rtasida sog‘lom raqobat, jamoaviy hamkorlik va intellektual salohiyatni yanada rivojlantirishga xizmat qildi.






